
UYeFAning eng nufuzli turniri – Chempionlar ligasi bu mavsum yangi formatda oʻtkazilmoqda. Umumiy bosqichda ishtirok etgan 36 ta jamoadan 24 tasi pley-offga yoʻl olgan edi. Ulardan kuchli sakkizlikdan joy olgan jamoalar nimchorak finalga toʻgʻridan toʻgʻri chiqqan. Qolgan 16 ta jamoa oʻtish oʻyinlarida qatnashishiga toʻgʻri keldi.
Ushbu turnirda ishtirok etayotgan yagona oʻzbek futbolchisi – Abduqodir Husanovning jamoasi “Manchester Siti” oʻtish oʻyinlarida “Real”ga roʻbaroʻ keldi. Oʻz maydonida amaldagi gʻolibga 2:3 hisobida yutqazgan Xosep Gvardiola shogirdlari Madriddagi javob bahsida bu gal 1:3 hisobida yengildi.
Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Abduqodir Husanov ilk bor Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichida oʻynadi. Bu 20 yoshli himoyachimizning “Manchester Siti” safida xalqaro miqyosdagi debyuti boʻldi.
Bundan tashqari, Abduqodir ajoyib natija egasiga aylandi. Husanov Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Real”ga qarshi “Santyago Bernabeu” stadionidagi oʻyinda debyutini oʻtkazgan ikkinchi eng yosh oʻyinchi boʻldi. Bellashuv oʻtkazilgan sanada legionerimiz 20 yoshu 356 kunlik edi.
Avvalgi rekord 2014 yili oʻrnatilgan boʻlib, “Shalke” futbolchisi Kaan Ayxan 19 yoshu 128 kunligida “Real”ning uy stadionida maydonga tushgan.
Ta'kidlash joizki, Abduqodir Husanov uchrashuv davomida muxlislar kutganidek Vinisius Juniorga gol urish imkonini bermagan boʻlsa-da, “shaharliklar”ning butun himoya chizigʻi Kilian Mbappeni toʻxtata olmadi.
Fransiyalik yulduz uchrashuvda uchta toʻp kiritib, ayni paytda juda kuchli sport formasida ekanini yana bir karra isbotlab qoʻydi.
Kilian Mbappe Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoalarga Chempionlar ligasi doirasida gol urish borasida Lionel Messining rekordini takrorladi. Argentinalik jahon chempioni Evropada oʻynab yurgan davrlarda qit'aning eng nufuzli xalqaro turnirida ispaniyalik mutaxassis shogirdlarini etti marotaba uyaltirib ketgandi. Xet-trikdan keyin Mbappe ham Gvardiola jamoalariga urgan gollari sonini ettitaga etkazib oldi.
Xosep Gvardiolaning oʻzi ham hozir “Real” uning jamoasidan kuchli ekanini tan oldi.
- “Real Madrid” – ajoyib klub va keyingi bosqichga oʻtishga munosib jamoa. Biz nimchorak finalga chiqish uchun bu jamoaga etarli darajada qarshilik koʻrsata olmadik. Bu achchiq tajriba va biz buni qabul qilib, kelasi mavsum yana Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritishga harakat qilishimiz zarur.
“Real” hozir bu musobaqa gʻolibligiga asosiy da'vogarlardan biri, biroq turnirda hali yana kuchli klublar qolganini unutmaslik kerak, - dedi Xosep Gvardiola.
Endi “shaharliklar” bor e'tiborini Angliya Premer-ligasida kuchli toʻrtlikdan oʻrin egallash va Angliya kubogida gʻolib chiqish uchun qaratadigan boʻldi.
Abduqodir Husanov esa, 20 yanvar kuni “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtganidan beri uchta nufuzli musobaqa – Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasi pley-offidagi debyutlarini nishonladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar