
Yangi formatda oʻtkazilayotgan Evropa Chempionlar ligasi doirasidagi eng zoʻr toʻqnashuvlardan biri musobaqaning amaldagi gʻolibi “Real” va Angliya chempioni “Manchester Siti” oʻrtasida boʻldi.
Bu ikki gigantning oʻzaro raqobatida madridliklar birinchi uchrashuvda Xosep Gvardiola shogirdlarini Manchesterda 3:2 hisobida engib qaytgandi.
Keyingi bosqich masalasi Madriddagi javob oʻyinida uzil-kesil hal boʻldi. “Santyago Bernabeu” arenasi mezbonlik qilgan bellashuvda manchesterliklar kutilgan oʻyinni namoyish qila olmadi. Karlo Anchelotti shogirdlari oʻz qudratini yoʻqotgan “Manchester Siti”ni yana uch bor jazoladi.
Kilian Mbappening oʻzi xet-trik qayd etib, jamoasini keyingi bosqichga olib chiqdi. Niko Gonsalesning oʻyin yakunlanishi arafasidagi birgina goli hech narsani oʻzgartirgani yoʻq.
Biz uchun ahamiyatlisi, Abduqodir Husanov oʻz faoliyati davomida ilk bor Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etdi. Umid qilamizki, bu oxirgisi emas, Abduqodir qit'aning eng nufuzli musobaqasida hali koʻp bor maydonga tushadi.
Ushbu bellashuvdan keyin dunyoning turli mamlakatlaridagi mutaxassislar, ekspertlar, umuman futbol jamoatchiligi har ikki jamoa va oʻyinchilarning harakatlarini muhokama qilmoqda. Xususan, “Manchester Siti” asosiy tarkibiga kirib borayotgan Abduqodir Husanov ham bundan chetda qolayotgani yoʻq.
Oʻzbek futbolida chuqur iz qoldirgan sobiq hujumchi Ja'far Irismetov 20 yoshli himoyachimizning oʻyiniga quyidagicha baho berdi.
- Abduqodir Husanov “Real”ga qarshi munosib oʻyin koʻrsatdi. U qoʻpol xatoga yoʻl qoʻydi, deyolmaymiz. Shunchaki, “Manchester Siti” oʻyinida umumiy pasayish kuzatilmoqda.
Husanov Kilian Mbappe gol urgan vaziyatlarda uni toʻxtatib qolishi mumkinmidi? Albatta, mumkin edi, lekin gollarning hech birida Abduqodirning toʻgʻridan toʻgʻri aybi yoʻq.
Husanov oʻz darajasida oʻynadi va sekin-asta asosiy tarkibdan joy olib bormoqda. Umuman olganda esa, “Manchester Siti” jamoaviy yomon himoyalandi, Husanov oʻz darajasida toʻp tepdi, deyishimiz mumkin, - dedi Ja'far Irismetov.
“Manchester Siti” qishki transferlar davrida toʻrt futbolchi uchun 200 million yevrodan ortiq pul sarfladi. Xususan, “shaharliklar” Abduqodir Husanovni olish uchun Fransiyaning “Lans” klubiga 40 million yevro badal puli toʻladi va yana 10 million yevro miqdorida bonus ajratadi.
20 yanvar kuni Manchesterga koʻchib oʻtgan Abduqodir Husanov hozirgacha Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida jami toʻrtta uchrashuv oʻtkazib, oʻz hisobiga bitta gol yozdirib qoʻydi.
Husanov oʻzi oʻynagan toʻrt uchrashuvdan uchtasida boshlangʻich tarkibda maydonga tushdi. Endi “Manchester Siti” oldinda yana bir jiddiy toʻqnashuv kutib turibdi. Xosep Gvardiola shogirdlari 23 fevral kuni oʻz maydonida Angliya chempionati peshqadami “Liverpul”ni qabul qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar