
Ispaniya chempionati 35-turining markaziy o‘yinida «Real Madrid» o‘zining eng prinsipial raqibi «Barselona»ga qarshi maydonga tushib, dramatik bahsda 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Madrid klubining bosh murabbiyi Karlo Anchelotti o‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoasining mag‘lubiyati sabablari va futbolchilarning vaziyati haqida to‘liq fikr bildirdi.
«Biz bugun, afsuski, himoya chizig‘ida ko‘plab jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bu esa raqibga osonlikcha gollar kiritish imkoniyatini yaratib berdi. Himoyadagi ko‘rsatgan o‘yinimiz o‘zimiz uchun ham qabul qilib bo‘lmaydigan darajada edi», – dedi italiyalik murabbiy.
Shu bilan birga, Anchelotti hujumdagi harakatlardan umuman qoniqish hosil qilganini ta’kidladi va jamoaning oldingi chiziqdagi o‘yinini yuqori baholadi:
«Hujum chizig‘ida rejalashtirganimizday harakat qildik, juda yaxshi va samarali hujumlarni amalga oshirdik. Kilian Mbappe bugun ajoyib o‘ynadi va uchta gol urib, xet-trikka erishdi. Yanada ko‘proq gol urish uchun bizda vaziyatlar ham yetarli darajada bo‘ldi. Ammo, yuqorida ta’kidlaganimdek, himoyada yo‘l qo‘ygan xatolarimiz g‘alabaga erishishimizga imkon qoldirmadi».
Anchelotti jamoa himoya chizig‘ida tarkibiy muammolarga duch kelganini va bir vaqtning o‘zida besh nafar asosiy himoyachidan mahrum bo‘lganini ham eslab o‘tdi:
«Himoya chizig‘imizda tarkibiy jihatdan ham muammolar mavjud edi. Besh nafar asosiy himoyachimiz turli sabablarga ko‘ra bizga yordam bera olishmadi va bu holat ham bugungi o‘yinga salbiy ta’sir ko‘rsatdi».
Shu bilan birga, murabbiy Vinisius Juniorning almashtirilish sababi haqida ham izoh berib o‘tdi:
«Vinisiusning o‘yindan olinishiga sabab – uning to‘piq qismida og‘riq bor edi. Vinisiusning o‘zi o‘yinni davom ettirish istagini bildirgan bo‘lsa-da, biz uning jarohati xavfliroq tus olib ketmasligi uchun ehtiyotkorlik bilan yondashib, uni maydondan olishga qaror qildik».
Rodrigo Goesning bugungi o‘yini ham jamoa uchun ideal darajada bo‘lmaganini Anchelotti quyidagicha izohladi:
«Rodrigo o‘yindan avval o‘zida ancha kuchsizlik his qilayotgandi. U yaqinda kasallikdan to‘liq tiklanib ulgurmagandi, shuning uchun biz uning bugungi o‘yinidan katta natija kutmaganmiz. Lekin bu muammo emas, men Rodrigodan mamnunman. U o‘zining professionalligi bilan jamoaga katta foyda keltiryapti».
Ayni paytda «Real Madrid» Ispaniya chempionati turnir jadvalida 75 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa yetakchi «Barselona»dan 7 ochko ortda qolmoqda va mavsumning tugashiga atigi uch tur qolgan.
Ispaniya ChempionatiReal MadridBarselonaKarlo AnchelottiHujum Chizig‘iHimoya Chizig‘i O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar