
La Liganing 36-turidan o‘rin olgan “Real” — “Malorka” (2:1) bahsida Kilian Mbappe navbatdagi golini urib, madridliklar uchun yana bir muhim yutuqka hissa qo‘shdi. Ammo bu gol nafaqat natija nuqtayi nazaridan, balki futbol tarixida ham alohida ahamiyatga ega.
Squawka nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 26 yoshli fransuz hujumchi “Real” tarixida debyut mavsumidayoq 40 ta gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Uning bu natijasi jamoa tarixidagi yetakchi to‘purarlar qatorida o‘ziga xos o‘rin egallashini anglatadi.
Mbappe bu gollarni quyidagi turnirlarda kiritgan:
- La Ligada — 28 ta
- Chempionlar Ligasida — 7 ta
- Ispaniya Kubogida — 2 ta
- Ispaniya Superkubogi, UYEFA Superkubogi va Interkontinental kubogida — 1 tadan
MisterChip statistikasiga ko‘ra, Mbappe Ispaniya futbolida ilk mavsumda 40 yoki undan ortiq gol urgan faqat ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Undan avval faqat braziliyalik Ronaldo bu ishni uddalagan — u 1996/97 yilgi mavsumda “Barselona” safida 47 ta gol urgan.
Yana bir qiziq fakt: Krishtianu Ronaldu “Real”dagi ilk mavsumida 33 ta gol bilan to‘xtagan. Demak, Mbappe afsonaviy portugaliyalikning natijasini allaqachon ortda qoldirgan.
Endi barcha e’tibor — Mbappening mavsum yakunlanguniga qadar braziliyalik Ronaldoning rekordini yangilashga ulgura oladimi-yo‘qmi, shu savol atrofida aylanyapti. Chunki “Real” oldida yana 3 ta rasmiy o‘yin qolgan.
Qayd etish kerakki, “Malorka”ga qarshi o‘yinda Karlo Anchelotti shogirdlari 2:1 hisobida zafar quchdi va turnir jadvalida 78 ochko bilan 2-o‘rinni saqlab qoldi. Birinchi o‘rinda borayotgan “Barselona”dan ular hozircha 5 ochko ortda qolmoqda, ammo bitta o‘yin ko‘proq o‘tkazishgan.
Mbappe uchun esa bu mavsum — shaxsiy tarixini yaratayotgan yil bo‘lmoqda. Uning har bir goli endi nafaqat jamoasi uchun, balki ispan futboli uchun ham muhim raqamlarga aylanmoqda.
La LigaReal MadridKilian MbappeFutbol TarixiGollar SonIspaniya Futboli O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar