
Angliya Premer-ligasida 2025-26 yilgi mavsumdan boshlab hakamlar bilan muloqot qilish tartibi jiddiy o‘zgaradi. Unga ko‘ra, maydonda o‘ynayotgan futbolchilar orasidan faqatgina jamoa sardori hakam bilan bevosita gaplashish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda Britaniyaning mashhur “The Telegraph” nashri ma’lum qildi.
Mazkur tashabbus bundan avval ham xalqaro miqyosda qo‘llanilgan. Jumladan, oxirgi bor ushbu tartib so‘nggi Yevropa chempionatida sinovdan o‘tkazilgan va ijobiy natijalar qayd etilgan edi. Endi ushbu tartibni Angliya chempionatiga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda.
Yangi qoida APL klublarining yaqin orada o‘tkaziladigan navbatdagi rasmiy yig‘ilishida muhokama qilinib, tasdiqlanishi kutilayotgani aytilmoqda. Mazkur yangilik futbolchilarning hakamlarga bo‘lgan hurmatini oshirish, maydonda tartib-intizomni ta’minlash va o‘yin paytida yuzaga keladigan bahsli vaziyatlarni tezroq va osonroq hal qilish maqsadida kiritilmoqda.
Shu bilan birga, yangi tartib faqat Premer-ligada emas, balki Angliya chempionati tizimidagi quyi ligalar klublari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning ham ushbu qoidani amalga tatbiq qilishga qiziqishi ma’lum qilingan. Bu esa kelgusida butun mamlakat futbol tizimida bir xil tartib va birdek intizom bo‘lishiga xizmat qiladi.
Yangi tartibda yana bir qiziq holat ham mavjud. Agar jamoa sardori darvozabon bo‘lsa va hakam bilan doimiy muloqot o‘rnatishda qiyinchiliklarga uchrasa, u holda klublar muloqot qilish vakolatini maydondagi boshqa bir o‘yinchiga berishlari mumkin bo‘ladi.
Bu yangi tartib jamoalarning maydondagi tartibini yaxshilashga yordam berishi va o‘yinlardagi nizolarning oldini olishga xizmat qilishi kutilayapti. Hakamlar ham endilikda faqat bir nafar o‘yinchi bilan muloqot qilish orqali, qarorlarni yanada aniq va tezroq qabul qilishlari mumkin bo‘ladi.
Zamin.uz tahririyati Angliya futbol chempionatidagi ushbu muhim o‘zgarishlarga oid yangiliklarni diqqat bilan kuzatib, so‘nggi ma’lumotlarni sizlarga yetkazib berishda davom etadi. Bu qoida o‘zini oqlay oladimi, bunga faqat vaqt javob beradi.
Angliya Premer-ligasiHakamlar MuloqotiJamoa SardoriFutbolchilar HuquqiYangi QoidaTartib-intizomBahsli VaziyatlarFutbol TizimiMuloqot Vakolati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar