date
views 1 777

Yevropani zabt etgan murabbiy “Tottenxem”dan haydaldi!

Yevropani zabt etgan murabbiy “Tottenxem”dan haydaldi!
Angliya Premer-ligasida natijalar qoniqarsiz bo‘lgan “Tottenxem” London klubi Yevropa maydonida o‘z so‘zini aytdi — Ange Postekoglu boshchiligida Yevropa ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi va kelasi mavsum Chempionlar ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi. Ammo shu muvaffaqiyatga qaramasdan, klub rahbariyati og‘riqli qaror qabul qildi: Avstraliyalik murabbiy lavozimidan ozod etildi.

Bu haqda “Tottenxem”ning rasmiy sayti orqali ma’lum qilindi. Rasmiy bayonotda keltirilishicha, murabbiyning ish faoliyati va jamoa natijalari to‘liq tahlil qilingan va klub manfaatlarini hisobga olgan holda o‘zgarish zarur, degan xulosaga kelingan.

– Angelosdan klubga qo‘shgan hissasi uchun minnatdormiz. U ikki yil mobaynida mustahkam poydevor yaratib berdi. Yevropa musobaqasidagi g‘alabasi bilan u “Tottenxem” tarixida Bill Nikolson va Kit Berkinshou kabi buyuk murabbiylar qatoridan joy oldi. Lekin kelajak rivoj va barqarorlik uchun boshqaruvda o‘zgarish zarur, – deyiladi klub bayonotida.

Shuningdek, bayonotda qayd etilishicha, bu qaror shoshma-shosharlik bilan emas, balki teran tahlil va mulohazadan so‘ng qabul qilingan. Hozirda jamoa yosh va iqtidorli tarkibga ega, va klub yangi murabbiy qo‘l ostida yanada yuqori maqsadlar sari intilishni rejalashtirmoqda.

Postekoglu klubni Yevropa Ligasi g‘olibligiga yetaklab, jamoaga yirik yutuqni sovg‘a qildi. Biroq Premer-ligadagi beqaror natijalar, ayniqsa kuchli to‘rtlikdan tashqarida qolish, klub rahbariyati uchun hal qiluvchi omil bo‘ldi.

Yangi bosh murabbiy kim bo‘lishi hozircha ma’lum emas. Bu borada qaror tegishli ichki muhokamalar va rasmiy uchrashuvlardan so‘ng e’lon qilinadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropani zabt etgan murabbiy “Tottenxem”dan haydaldi!