
"Real Madrid"ning yangi futbolchisi Trent Aleksander-Arnold taqdimot marosimi chog‘ida samimiy so‘zlari bilan futbol muxlislarini ilhomlantirdi. Angliyalik himoyachi o‘zining futbolchi sifatida shakllangan va dunyoga tanilgan klubi — “Liverpul”ga bo‘lgan minnatdorligini alohida ta’kidladi.
— Men bir umr “Liverpul”dan minnatdorman. U jamoada 20 yil faoliyat olib bordim. Bu mening futboldagi birinchi maktabim, birinchi muhabbatim, — dedi Trent taqdimot chog‘ida. — Har bir daqiqadan zavq oldim, har bir o‘yin menga kuch, tajriba va motivatsiya baxsh etdi. Lekin hayotda ba’zan yangi qadam tashlash zarur bo‘ladi. Men oldinga qarashga qaror qildim va endi Ispaniyaning eng kuchli jamoasi — “Real Madrid” safida yuragim bilan to‘p surmoqchiman.
Taniqli himoyachi o‘tgan mavsum Angliya Premer-ligasida “Liverpul” tarkibida 33 bor maydonga tushdi, 3 ta gol urdi va 7 ta golli uzatma yo‘lladi. Bu natijalar uning yuqori saviyadagi himoyachi bo‘lishidan tashqari, hujumda ham faol ishtirok etishini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Arnold ikki yirik jamoa – “Liverpul” va “Real Madrid” kabi klublarda to‘p surishni "katta sharaf" deb ta’rifladi.
— Menga Angliyaning eng katta klubida o‘ynash nasib etdi, endi esa Ispaniyaning eng buyuk jamoasi sharafini himoya qilaman. Bunday imkoniyat har kimga ham berilavermaydi. Men esa buni qadrlayman va har kuni to‘liq ishtiyoq bilan mehnat qilaman, — deya qo‘shimcha qildi Trent.
Ta’kidlash joiz, Trentning “Real” safidagi faoliyatini millionlab futbol ishqibozlari katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Endi u o‘zining yangi sahifasini "Santyago Bernabeu"da ochmoqda. “Liverpul”dagi yorqin xotiralar esa uning yuragida abadiy saqlanib qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar