
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va hujum chizig‘idagi asosiy yulduzlardan biri — Eldor Shomurodovning faoliyatida yana yangi burilish bo‘lishi mumkin. Hozirda u “Roma” klubi tarkibida to‘p surmoqda, ammo Italiya matbuoti va turk jurnalistlari tarqatayotgan ma’lumotlarga qaraganda, forvard tez orada klubini almashtirishi mumkin.
Italiyaning “Ilromanista” nashri ma’lum qilishicha, “Roma” jamoasi bosh murabbiylikka Jan Pero Gasperini kelganidan so‘ng transfer strategiyasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatila boshladi. Jamoa tarkibida kelajagi noaniq bo‘lgan futbolchilardan biri aynan Shomurodov bo‘lib turibdi.
Turkiyalik mashhur insayder Yag‘iz Sabunchuo‘g‘li ma’lumotlariga ko‘ra, Istanbulning “Bashakshehir” klubi Eldor bilan allaqachon dastlabki muloqotni boshlab yuborgan. Turkiya Superligasining ushbu jamoasi hujum chizig‘ini mustahkamlash niyatida va bu borada o‘zbek futbolchisiga jiddiy qiziqish bildiryapti.
Turk nashrlari “Bashakshehir” klubi polyak hujumchisi Kshishtof Pyontekni Qatarning “Ad-Duxayl” jamoasiga sotib, 10 million yevro foyda ko‘rganini qayd etmoqda. Uning o‘rnini esa aynan Eldor Shomurodov bilan to‘ldirish reja qilingan. Muzokaralar ijobiy ruhda o‘tayotgani va tomonlar o‘zaro kelishuvga yaqin ekani xabar qilinmoqda.
Shomurodov 2024/25 mavsumida “Roma” safida 37 ta o‘yinda ishtirok etib, 7 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma berdi. Avvaliga zaxirada bo‘lgan futbolchi mavsum sari o‘zini ko‘rsata oldi va asosiy tarkibdan joy egallashga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda u Italiyada yetarlicha tajriba to‘plagan, jismoniy tayyorgarligi esa yuqori baholanmoqda.
“Bashakshehir” murabbiylar shtabi Eldorning Yevropa miqyosidagi tajribasi, to‘p bilan harakatdagi samaradorligi va katta maydondagi harakatlanish qobiliyatini yuqori baholamoqda. Klubning ushbu transfer orqali hujumda yanada samarali bo‘lishni maqsad qilgani ayon.
Agar muzokaralar yakuniga yetsa, o‘zbekistonlik yulduz yangi mavsumni Turkiya Superligasida boshlashi mumkin. Eldorning Istanbulda to‘p surishi nafaqat uning faoliyati, balki o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi nufuzi uchun ham muhim voqea bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar