date

Osiyo chempionatida final uchun 12 yosh bokschimiz ringga chiqadi

Osiyo chempionatida final uchun 12 yosh bokschimiz ringga chiqadi

30 iyuldan 12 avgustga qadar boks muxlislari uchun muhim va intiqlik bilan kutilgan musobaqa — Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Unda 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlar davom etmoqda, deb xabar berdi O‘bekiston boks federatsiyasi.

Bugungi kun — O‘zbekiston boks terma jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega. Sababi, U-19 jamoamiz safidan jami 12 nafar iqtidorli yosh sportchi final yo‘llanmasi uchun jon kuydiradi. Ular orasida ham yigitlar, ham qizlar bor. Bu bokschilarimiz har biri o‘z toifasida mamlakat sharafini munosib himoya qilib, chempionlik sari ildam qadam tashlashni maqsad qilgan.

Quyida ularning juftliklari va raqiblari ro‘yxati bilan tanishing:

— -48 kg vazn toifasida: Maftuna Musurmonova o‘zini Vetnam nomidan ishtirok etayotgan Thao Than Lusga qarshi sinovdan o‘tkazadi.

— -60 kg da: Sevara Mamatova Qozog‘iston vakili Alina Kudaygenovaga qarshi kurash olib boradi.

— -70 kg da: Rayhona Qurbonboyeva Qirg‘izistonlik Zarina Asanova bilan kuch sinashadi.

— -75 kg: Maftuna Yangiyeva Xitoy bokschisi Tongtong Guga qarshi ringga chiqadi.

— -80 kg: Ruxshona Parpiyeva Qozog‘istondan Kuralay Yeginbayqizi bilan ruqobatlashadi.

Yigitlarimizdan esa:

— -60 kg: Abdurahmon Mahmudjonov Qozog‘istonlik Tortubek Adiletga qarshi g‘alaba uchun jang qiladi.

— -65 kg: Jahongir Zayniddinov Xitoy vakili Yuheng Liga qarshi ringga ko‘tariladi.

— -70 kg: Abdulaziz Jo‘raqulov esa Eron bokschisi Mohammad Saleh Roozbahani bilan to‘qnash keladi.

— -75 kg: Muhammadjon Yaqupboyev Qirg‘iziston nomidan qatnashuvchi Usmon Kaparovga qarshi kurash olib boradi.

— -80 kg: Norbek Abdullayev Janubiy Koreyadan Heon-Seung Jeongni mag‘lub etish niyatida.

— -85 kg: Samir Sobirov yana bir Janubiy Koreya vakili — Damheon Park bilan ringda yuzma-yuz keladi.

— +90 kg: Islam Salihov Eronlik Abbas Garshasbiga qarshi kuch sinashadi.

Ayni paytda, qiziqarli jihatlardan biri shundaki, +80 kg vazn toifasidagi vakilimiz Sobiraxon Shahobiddinova qur’a asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Bu uning salohiyati va reytingdagi yuksak o‘rnini tasdiqlaydi.

Mazkur musobaqadagi ishtiroki orqali yosh bokschilarimiz nafaqat shaxsiy yutuqlarga erishish, balki butun mamlakat sharafini xalqaro miqyosda namoyon etish imkoniga ega bo‘ladilar. Har bir ringdagi yurish, har bir zarba ortida minglab yurtdoshlarimizning duosi va ishonchi turibdi.

Final yo‘llanmasi uchun kechadigan bu bellashuvlar faqat sport nuqtayi nazaridan emas, balki milliy iftixor nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Muxlislar esa ko‘z tikib, bokschilarimizdan g‘alaba va chiroyli janglar kutishmoqda.

Yaqin kunlarda Bangkok ringlarida yuksak natijalarni kutamiz. Ularga omad tilaymiz!

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionatida final uchun 12 yosh bokschimiz ringga chiqadi