date

"Liverpul" chempionlikda Husanov jamoasidan ehtiyot bo‘lishi zarur

"Liverpul" chempionlikda Husanov jamoasidan ehtiyot bo‘lishi zarur

Angliya Premer-ligasining yangi mavsumi endigina start olganiga qaramay, futbol ekspertlari va tahlilchilari chempionlik poygasi atrofidagi bahslarni qizg‘in muhokama qilmoqda. Dastlabki turdan so‘ngyoq ko‘pchilik mutaxassislar qaysi jamoalar sovrin uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rilishi mumkinligini tahlil qilib chiqishdi.

Ko‘plab manbalarning fikricha, chempionlik masalasida asosiy raqobat “Manchester Siti”, “Liverpul” va “Arsenal” klublari o‘rtasida kechadi. Bu klublar tarkibi, futbolchilarning individual mahoratlari hamda o‘yin uslubi jihatidan boshqalarga nisbatan yuqori saviyada shakllangani qayd etilmoqda.

Sky Sports telekanalida ekspert sifatida faoliyat yuritayotgan “Liverpul”ning sobiq afsonaviy himoyachisi Jeymi Karrager esa o‘z klubi uchun asosiy xavf qaysi jamoadan kelishi mumkinligini ochiq aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi chempion sifatida “Liverpul” har qanday holatda ham “Manchester Siti”dan ehtiyot bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda “Liverpul” tarixiy yutuqqa erishib, Angliya Premer-ligasida g‘olib chiqqan edi. Bu orada esa “Manchester Siti” to‘rt yillik ketma-ket chempionlik seriyasidan so‘ng muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazgandi. Ammo shuning o‘ziga qaramasdan, Gvardiola boshqaruvidagi jamoa mavsum oxiriga borib o‘yinini tartibga soldi va kuchli qaytganini namoyon qildi.

Karragerning ta’kidlashicha, “Liverpul” qanchalik kuchli ko‘rinmasin, “Siti” doimo asosiy raqib sifatida qaralishi kerak.

— “Liverpul” har doim “Manchester Siti”dan ehtiyot bo‘ladi. Hatto o‘tgan mavsumda “shaharliklar” zaifroq o‘ynashgan davrda ham ular ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishga yaqin kelishgandi. Chempionatning oxiriga yaqin “Siti” juda kuchli futbol namoyish qildi. Pep Gvardiola esa zamonamiz futbolida eng muvaffaqiyatli murabbiy hisoblanadi. U hech qachon ikkinchi yoki uchinchi o‘ringa rozi bo‘lmaydi. Shu sababli, “Liverpul” uchun asosiy raqib aynan “Manchester Siti”dir. Bu jamoani hisobdan chiqarganlar yaqin orada o‘z fikrlarida adashganini ko‘rishadi, — dedi Karrager.

Uning fikricha, chempionlik poygasi oldidan “Liverpul” uchun qo‘ng‘iroq allaqachon chalinib bo‘lgan. Shunday ekan, yangi mavsumda asosiy raqobat yana Gvardiola jamoasi bilan kechishiga hech qanday shubha yo‘q.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Liverpul" chempionlikda Husanov jamoasidan ehtiyot bo‘lishi zarur