"Manchester Siti" hamda Belgiya terma jamoasi vingeri Jeremi Dok-u sports24.kz nashriga bergan suhbatida JCH–2026 saralashi doirasida Qozog‘istonga qarshi o‘tkazilgan bahs va undagi g‘alaba haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Dokuning ta’kidlashicha, raqib jamoa ayniqsa o‘yinning dastlabki qismida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olgan.
— O‘ylaymanki, Qozog‘iston milliy termasi, ayniqsa, uchrashuvning birinchi yarim soatida munosib o‘yin namoyish qildi. Ular himoyada intizomli harakat qilishdi va tezkor qarshi hujumga o‘tish imkoniyatlariga ham ega bo‘lishdi. Bu hisob ochilishidan oldin bo‘lgan voqea edi. Shuningdek, raqib tarkibidagi 19-raqam ostida to‘p surgan Dastan Satpayevning o‘yini menda ijobiy taassurot qoldirdi. U juda ko‘p kuch sarfladi va harakat qildi. Endi eng asosiysi – u uchun tinmay mehnat qilishda davom etish, – dedi Dok-u.
Ma’lumki, Qozog‘iston milliy jamoasi saralash bosqichining navbatdagi bahsida Belgiyaga safarda yirik hisobda imkoniyatni boy berdi — 0:6.
JCH–2026 saralashi. Yevropa, J guruhi
Belgiya – Qozog‘iston 6:0
Gollar: Kevin De Bryuyne (42, 84), Jeremi Dok-u (44, 60), Nikolas Raskin (51), Toma Mene (87).
Shu tariqa, belgiiyaliklar navbatdagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Qozog‘istonlik futbolchilar esa keyingi bahslarda o‘tkazib yuborilgan xatolardan xulosa chiqarishi zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!