Ispaniya La Ligasi 4-turidan o‘rin olgan markaziy bahsda Madridning «Real» klubi mehmon sifatida «Real Sosedad» maydoniga tashrif buyurdi. Shiddatli tarzda kechgan uchrashuvda madridliklar muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, chempionatdagi yetakchilikni yanada mustahkamlashdi.
Bellashuv avvalidayoq «qirollik klubi» o‘z so‘zini aytdi. 12-daqiqada yulduz hujumchi Kilian Mbappe gol urib, hisobni ochdi va jamoasiga ustunlik olib keldi. Birinchi bo‘lim yakuniga yaqin esa turk futbolchisi Arda Gyuler aniq zarbasi bilan hisobni 2:0 ko‘rinishiga yetkazdi.
Ikkinchi taymda esa maydon egalari harakatini kuchaytirdi. 56-daqiqada Mikel Oyarzabal penaltidan aniq amalga oshirgan zarbasi bilan «Real Sosedad» uchun yagona javob golini kiritdi. Shundan keyin ham mezbonlar bir necha bor xavfli hujum uyushtirdi, ammo Kurtua va himoyachilarning ishonchli o‘yini madridliklarni g‘alabani saqlab qolishiga yordam berdi.
«Real Sosedad» - «Real Madrid» 1:2
Gollar: Oyarzabal (pen. 56) - Mbappe (12), Guler (44).
Real Sosedad - Remiro, Gorrotxategi (Karrikaburu, 78), Zubeldia, Aris (Aramburu, 57), Barrene, Oyarzabal, Gedesh (Kubo, 66), Chaleta-Sar, Serxio Gomes, Goti (Soler, 57), Marin (Zaxaryan, 66).
Real Madrid - Kurtua, Karvaxal (Trent, 82), Militao, Xeysen, Karreras, Chuameni, Sebalos (Asensio, 68), Gyuler, Brahim (Valverde, 46), Vinisius (Garsiya, 68), Mbappe.
Shu tariqa, «Real Madrid» safarda qo‘lga kiritgan g‘alabasi orqali ochkolarini 12 taga yetkazdi va jadvalda peshqadamlikni davom ettirmoqda. «Real Sosedad» esa 2 ochko bilan pastki o‘rinlarda qoldi.
Mbappe va Gyulerning yorqin o‘yini muxlislarga katta taassurot qoldirdi va «Real»ning yangi mavsumdagi da’vogarligini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!