La Liganing 6-turidan o‘rin olgan «Levante»ga qarshi safardagi 4:1 hisobidagi ishonchli g‘alabadan so‘ng «Real Madrid» bosh murabbiyi Xabi Alonso jurnalistlar bilan o‘z fikrlarini baham ko‘rdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa hozirda natijalar bilan birga, o‘yin uslubini ham qayta qurish va takomillashtirish bosqichida turibdi.
— Biz bu o‘yinni yakunigacha faqat g‘alaba haqida o‘ylab o‘tkazdik. Endi diqqat-e’tiborimizni derbiga qaratamiz. Hozir jamoa rivojlanish jarayonida. Aniq hisoblasak, ish boshlaganimizga bor-yo‘g‘i 51 kun bo‘ldi, hali oldinda uzun yo‘l bor. Chempionlar Ligasi, La Liga va milliy kubokda kuchli raqiblarga qarshi kurashish uchun mustahkam asos yaratishda davom etamiz, — dedi Alonso.
Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoadagi ko‘plab futbolchilar o‘zlarini muhim jarayonning ajralmas qismi sifatida his qila boshlagan va bu juda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga, hali yaxshilash lozim bo‘lgan jihatlar ham yo‘q emas.
— Eng muhim narsa — biz hozir to‘g‘ri yo‘ldamiz. Ham natijalarda, ham o‘yin uslubida. Bu hali faqat boshlanishi, xolos. Oldinda ko‘p ish turibdi, — deya qo‘shimcha qildi u.
Alonso jamoasidagi futbolchilarning universalligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
— Qachonki senda yuqori sifatli futbolchilar bo‘lsa, ish ancha yengillashadi. Ozgina mashg‘ulot bilan ular g‘oyani tushunib oladi va turli pozitsiyalarda harakatlana oladi. Bu murabbiy uchun katta qulaylik, — dedi madridliklar ustozi.
U, shuningdek, ayrim futbolchilarga dam berish zarurligini ta’kidladi:
— Bugun biz Militao va Karvaxalga dam berishimiz kerak edi. Maydonga tushgan futbolchilar esa o‘z imkoniyatlarini to‘la ishga solib, ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Ammo hozircha ortiqcha xursand bo‘lishga erta. Oldimizda derbi bor va barcha fikrlarimiz shu o‘yinga yo‘naltiriladi, — deya so‘zini yakunladi Xabi Alonso.
«Real»ning ushbu g‘alabasi jamoaga muhim ochkolar taqdim etdi va madridliklarni chempionlik yo‘lida yanada ishonchli qadam tashlashga undadi. Endilikda esa barcha diqqat El-Klasiko oldidan jamoaning qay darajada tayyorgarlik ko‘rayotganiga qaratilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!