"Real Madrid" jamoasining hujumchisi Vinisius Junior La-Korunyadagi ishbilarmonga qarshi sud jarayonida o‘z haqini himoya qilib, muvaffaqiyat qozondi. Tadbirkor 2018 yil noyabr oyida futbolchi ismini brend sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsa-da, braziliyalik yulduz “Vinicius Jr” savdo belgisini undan bir yil oldin rasmiylashtirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sport.es xabar tarqatdi.
Manbalarga ko‘ra, javobgar o‘z arizasida Vinisius o‘sha vaqtda juda mashhur emasligini, shu sababli iste’molchilar brendni futbolchi bilan bog‘lamasligini ta’kidlagan. Biroq La-Korunya sudi hamda provinsiya darajasidagi apellyatsiya sudi futbolchining da’vosini to‘liq qondirib, brend ro‘yxatdan o‘tkazilishini bekor qilish hamda barcha sud xarajatlarini Vinisius manfaatiga to‘lash haqida qaror chiqardi.
Qizig‘i, tadbirkor avvalroq mazkur nom Rim imperiyasi tarixi va uning oilasi bilan bog‘liq ekanini asos qilib ko‘rsatgan edi, ammo bu da’vo sud tomonidan 2023 yildayoq rad etilgan.
Futbolchi uchun muhim bo‘lgan bu qaror uning shaxsiy brendini himoya qilish yo‘lida yana bir g‘alaba sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!