Xabaringiz bor, Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov tashkil etilgan matbuot anjumanida ko‘plab qiziqarli savollarga javob berib o‘tdi.
"Assalomu alaykum, hurmatli jurnalistlar, aziz hamkasabalar va futbol ishqibozlari. Bugun mamlakatimiz futboli uchun muhim voqea — yangi bosh murabbiy ishtirokida matbuot anjumanini o‘tkazish uchun yig‘ildik.
Murabbiyning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa aniq: jamoani jahon chempionatida munosib ishtirok etishga tayyorlash. Bu yo‘lda biz unga to‘liq ishonch bildiramiz. Shu bilan birga, milliy jamoaning barqarorligini saqlash uchun Timur Kapadze yordamchi murabbiy sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda turli raqamlar tilga olinmoqda, ammo shuni ochiq aytmoqchimanki — bu mish-mish xolos. O‘FA barcha jarayonlarni qonuniy, shaffof va o‘z imkoniyatlari doirasida amalga oshirgan.
Tarixiy natija qayd etib, Jahon chempionatiga yo‘l olishimizda mehnati singgan barcha murabbiylarga, xususan Srechko Katanes va Timur Kapadzega chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Jahon chempionati bu katta musobaqa uni butun dunyo tomosha qiladi va futbol ommasining nigohi O‘zbekistonga qaratiladi. Shu sababli turnirda munosib ishtirok etish va mundial havosini olib kirish uchun aynan futbolchi sifatida ishtirok etgan mutaxassisni jalb qilish ko‘zda tutilgan edi. O‘FA rahbariyati hamda Murabbiylar kengashi tomonidan jamoamizni Jahon chempionatiga tayyorlash uchun italiyalik mutaxassis — Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlanishi maqsadga muvofiq deb topildi.
Kannavaro futbol tarixidagi eng yaxshi himoyachi edi, istaymizmi yo‘qmi Jahon chempionatida natija qayd etish uchun himoyani mustahkam saqlash talab etiladi: U Jahon chempioni, “Oltin to‘p” sohibi va o‘z vaqtida himoyada ishonch, intizom hamda yetakchilik timsoli bo‘lgan. Himoyaviy o‘yin uslubi natija berishini ko‘rdik. Biz ishonamizki, u o‘zining xalqaro tajribasi, professional madaniyati va taktikasidagi qat’iylik orqali milliy jamoamizga yangi ruh va yangi tizim olib kiradi.
Yangi bosh murabbiy bilan 2+3 ko‘rinishida shartnoma imzolandi. Biz uzoq muddatli hamkorlikni ustuvor deb bilamiz. Osiyo va Jahon chempionatlarida munosib ishtirok etamiz.
Srechko Katanes boshchiligidagi jamoa bilan Jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, shartnoma muddati uzaytirilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bosh murabbiyning salomatligi kutilmaganda yomonlashdi.
Uning murabbiylar jamoasi esa akademiyada, turli terma jamoalarimizda faoliyat yuritishlari kutilmoqda.
Murabbiy tayinlashda xalqaro ekspertlar, tahlilchilar va murabbiylar kengashi tomonidan doimiy ravishda o‘rganishlar davom etdi. Timur Kapadzening salohiyati va murabbiylik mahoratiga zarracha shubha yo‘q, unga nisbatan hurmatsizlik qilinmadi. Maqsadimiz birgalikda xalqaro darajada rivojlanishdan iborat.
Maqsadimiz har kuni rivojlanish, biz futboli rivojlanayotgan mamlakatlardan birimiz, tizimli ravishda ishlarimizni yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak. Kannavaro kelishi bilanoq, yoshlar jamoalarimiz murabbiylari bilan ko‘rishdi, suhbatlashdi, tahliliy ishlarni boshlab yubordi, bu professionalizm.
O‘z ishimizga tanqidiy yondashib, bugun kechagidan yaxshiroq bo‘lishga intilishimiz kerak", - deya ta’rif berib o‘tdi Ravshan Ermatov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!