Italiya safida 2006-yilda jahon chempioni bo‘lgan Fabio Kannavaro oradan yigirma yil o‘tib murabbiy sifatida mundialda qatnashadi. Uning O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishi xorij OAV va mutaxassislar orasida keng muhokama tug‘dirdi — kimdadir katta umid, kimdadir esa shubha.
Kulgi, tabrik va ishonch — Italiya safidan
Milliy jamoaning hozirgi ustozi Jennaro Gattuzo odatiy hazili bilan:
«Kannavaroga qo‘ng‘iroq qilib, ‘atir sepib, sochingni gellab mundialga ketyapsan, men esa yo‘llanma uchun jangdaman’, dedim», — deb vaziyatni kulib esladi.
FIFA prezidenti Janni Infantino birinchilardan bo‘lib tabrik yo‘llab, Kannavaro 20-yil oldin Italiya sardori sifatida Kubokni ko‘targani, endi esa O‘zbekiston bosh murabbiyi sifatida jahon chempionatiga borayotganini alohida ta’kidladi.
Mashhur mutaxassis Fabio Kapello bu tayinlovni «juda to‘g‘ri qaror» deya baholadi: «U katta tajribaga ega va albatta O‘zbekistonga yordam beradi».
OAVdagi turli kayfiyat: «yangi sahifa» yoxud «katta xato»?
Ispaniyaning AS nashridan Alexandro Sato: «Kannavaro murabbiylikdagi ilk jiddiy chaqiriqqa duch keldi. Rivojlanish bosqichidagi termadan raqobatbardosh loyiha yaratish — qiziqarli, biroq juda murakkab vazifa».
FoxSports (AQSH): «O‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochildi».
Ispan sharhlovchisi Xose David Lopes esa keskinroq: «Bu — katta xatodir», — deya yozdi.
Karikatura, «Siti» muxlislari va Husanov omili
Karikatura ustasi Omar Mo‘maniy tayinlovdan oldinoq kulgu-ishora bilan: «Eng xursand — Abduqodir Husanov bo‘ladi», deb yozgan — ikkisi ham markaziy himoya maktabi vakillari ekaniga ishora.
Ijtimoiy tarmoqlarda «Manchester Siti» muxlislari Kannavaro qo‘lida Husanov ko‘proq bilim va tajriba olishiga ishonib, o‘z kutilmalarini oshkor qilishdi.
Shartnoma, shtab va Kannavaroning dosesi
2+3 formulasidagi bitim: ikki yillik shartnoma, keyin yana uch yilga uzaytirish imkoni. Kannavaroga vatandoshlari — Aujenio Albarayella, Troize Fransesko va Antonio Klimenti yordam beradi.
Futbolchi sifatida «Napoli», «Inter», «Yuventus», 2006–2009 yozlarida «Real Madrid»da o‘ynagan. JCH-2006 g‘olibi, o‘sha yilgi «Oltin to‘p» sohibi — bu mukofotga erishgan yagona himoyachi.
Murabbiylikda esa yo‘li g‘ovur-tovur: «Guanchjou Evergrand», «An-Nasr», «Tyanszin», yana «Guanchjou», qisqa muddat Xitoy termasi, so‘ng «Benevento» va «Udineze». Oxirgi ish joyi — «Dinamo» Zagreb (2024-yil dekabr — 2025-yil aprel), qoniqarsiz natijalar sabab uzil-kesil ketgan.
Nima kutamiz?
Chet el matbuoti ikki xil kayfiyatda: biri — «yangi sahifa» deya quvonsa, yana biri xavotir bilan qaraydi. Biroq fakt o‘zgarmas: O‘zbekiston tarixida ilk bor mundialga bormoqda, Kannavaro esa jamoani jahon sahnasiga tayyorlaydi. Barqaror tarkib, to‘g‘ri tanlovlar va psixologik barqarorlik — italiyalik ustozning asosiy sinovi bo‘ladi. Muvaffaqiyat uchun mezon esa oddiy: mundialda munosib o‘yin va natija.
Muxlislar tomonidan aytilganidek: endi so‘z — maydonda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar