
"Real Madrid" rahbariyati va jamoaning yetakchi hujumchisi Vinisius Junior o‘rtasida 2027-yil yozida tugaydigan shartnomani uzaytirish borasidagi muzokaralar yakuniy bosqichga kirdi. Tomonlar hamkorlikni davom ettirishni xohlayotgani tufayli jarayon katta tezlikda olg‘a siljidi. AS nashri yozishicha, “qaymoqranglilar” 25 yoshli braziliyalikni kelgusi o‘n yillikda klubni boshqarib boradigan asosiy figura sifatida ko‘rayotgani ham sir emas.
Manbalarga ko‘ra, jahon chempionatidan keyin tomonlar o‘rtasida qisqa muddatli kelishmovchilik yuzaga kelgan bo‘lsa-da, oxirgi haftalarda barcha masalalar to‘liq hal etilgan. Vinisius ham, klub ham yangi bitim imzolanishi orqali mish-mish va soxta xabaralarga nuqta qo‘yilishiga ishonadi. Ushbu kelishuv orqali “Real Madrid” ham, futbolchi ham sport, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqarorlikka erishishni ko‘zlamoqda.
Vinisius 2018-yildan buyon “Qirollik klubi” safida harakat qilib kelmoqda va shu qisqa vaqt ichida jamoaning eng muhim figuralaridan biriga aylandi. U barcha musobaqalarda 338 ta o‘yinda ishtirok etib, 111 ta gol urgan va 87 ta golli uzatma amalga oshirgan. Bugungi kunda “Transfermarkt” ma’lumotnomasiga ko‘ra, uning bahosi 150 million yevroni tashkil qiladi — bu esa uni jahondagi eng qimmat futbolchilardan biriga aylantiradi.
Vinisiusning yangi shartnomasi jamoa tarixidagi eng muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Chunki “Real Madrid” hujum chizig‘ini yaqin yillarda aynan unga ishonib topshirmoqchi. Klubda u nafaqat asosiy hujumchi, balki brend, dunyo futbolidagi yuz va kelajagi deb ko‘riladi.
Yangi shartnoma e’lon qilinsa, braziliyalik yulduz va “qaymoqranglilar” uchun mutlaq yangi sahifa ochiladi — barqaror, ishonchli va uzoq muddatli hamkorlik boshlanadi. Madridlik muxlislar ham shu xabarni kutib turibdi, chunki Vinisius bugungi jamoaning ruhi, tempi va ijodkorlik manbai hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.