
«Real Madrid»da so‘nggi haftalarda ichki muhit sezilarli darajada izdan chiqmoqda. The Athletic’ning yozishicha, jamoaning yetakchi vingeri Vinisius Junior va bosh murabbiy Xabi Alonso o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy sovuqlashgan. Bu kelishmovchilik klubdagi bir qator jarayonlarga, jumladan, futbolchining shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralariga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vinisius yozda uzaytirilishi kutilgan bitimga imzo qo‘yishga shoshmayapti. Sabab — u Alonso bilan munosabatlar o‘zi istagan darajada emasligini ochiqdan ochiq bildirgan.
Munozaraning boshlanishi — «PSJ»dan 0:4 mag‘lubiyat
Ichki ziddiyat ildizi jahon chempionati doirasida «PSJ»dan qabul qilingan 0:4 hisobidagi og‘ir mag‘lubiyatdan keyin paydo bo‘lgan. O‘sha uchrashuv arafasida Alonso Vinisiusni zaxirada qoldirishni rejalashtirgani, ammo jamoadagi jarohatlar tufayli uni majburiy ravishda o‘ng qanotda o‘ynatgani aytiladi.
Shundan keyingi 17 ta o‘yinning atigi 5 tasida braziliyalik futbolchi maydonda to‘liq harakat qilgan. Vinisius esa buni o‘zini kamsitish va ishonchning pasayishi, deb qabul qilmoqda.
«Barselona» o‘yinidan keyin vaziyat yana qiyinlashdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Barselona»ga qarshi derbidagi (2:1) kuchli emotsiya va bahsli vaziyatdan keyin Vinisiusning reaksiyasi klubda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. U o‘sha kungi uzr so‘rash videocida Alonsoni tilga olmagani esa ayrimlarga ko‘ra, «ichki ziddiyatga ishora» sifatida qabul qilingan.
Alonso vaziyatni yumshatishga urinmoqda
Shuningdek, Xabi Alonso vaziyat bo‘rttirilayotganini aytib, shaxsiy mojaro yo‘qligini ta’kidlamoqda:
— «Bu — rotatsiya siyosati. Jamoada har bir o‘yinchiga qarab taktik qaror qabul qilamiz», — deb aytmoqda mutaxassis.
Biroq ispan va braziliyalik futbolchi o‘rtasidagi bu muzlik klub ichidagi muhitga ta’sir qilib turgani, shartnoma muzokaralarini ham murakkablashtirgani taxmin qilinmoqda.
Ko‘plab ekspertlar, agar vaziyat hal etilmasa, Vinisiusning «Real»dagi kelajagi ham xavf ostiga tushishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.