
Ispaniyalik jurnalist Xuanma Rodriges La Liganing 13-turida «Real Madrid»ning «Elche»ga qarshi 2:2 hisobidagi durangidan so‘ng Xabi Alonsoning ish uslubini qattiq tanqid qildi. Uning fikricha, jamoa hozirgi paytda aniq yo‘nalishsiz o‘ynayapti va o‘z o‘yinini topa olmayapti.
«Men «Real»ning bugungi o‘yinidan jiddiy xavotirdaman. Hech qanday o‘sish, hech qanday dinamika ko‘rinmayapti. Alonsoning eng kutilmagan taktik qarorlaridan biri — Fran Garsiyani qanotga chiqarishi bo‘ldi. Bu eng oxirda kutgan variantim edi. Jamoada hali ham o‘zgarish sezilmayapti», — dedi Rodriges El Chiringuito efirida.
U jurnalist sifatida Alonsoning harakatlarini Rafael Benites va Xulen Lopetegi davridagi mavsumlar bilan taqqosladi:
«Xabi Alonsoning uslubi bora-bora Benites yoki Lopetegining xatolariga o‘xshab borayapti — bu esa juda xavfli signal. U jamoa bilan nima qilishni rejalashtirayotganini ko‘rmayapman».
Rodrigesning ta’kidlashicha, «Real» hozirgi holati bilan Germaniya klublariga ham o‘xshamaydi, hatto «Bavariya» bilan solishtirishga arzimaydi:
«Ular yana uch markaziy himoyachi bilan o‘ynashdi. Ayrim futbolchilar umuman o‘yinga kirisha olmadi. Himoya chizig‘i bolalardek harakat qildi».
Jurnalistning fikricha, Alonso bundan avval Bundesligada qo‘llagan g‘oyalarini Madriddagi tarkibga singdirishda qiynalayotganini o‘zi ham tushunib qolgan:
«Menimcha, u Germaniyadagi modelini bu yerda ishlatib bo‘lmasligini tushunyapti».
Bu tanqidlar ortidan «Real» muxlislari ham jamoa qanday yo‘nalishga o‘tayotgani, Alonso qanday o‘zgarishlar kiritishini qiziqish bilan kuzatishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.