date

Yevropa grandlari Upamekano uchun jiddiy transfer kurashi boshladi

Yevropa grandlari Upamekano uchun jiddiy transfer kurashi boshladi

Bundesliganing amaldagi chempioni “Bavariya” safida to‘p surayotgan fransiyalik markaziy himoyachi Deotshankyul Upamekanoning kelajagi atrofida jiddiy intriga yuzaga kelmoqda. Myunxen klubi bilan shartnomasi yakunlanib borayotgan 27 yoshli futbolchi Yevropaning bir qator yetakchi jamoalari diqqat markazida qolmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Upamekano uchun kurashga Angliya Premer-ligasining ikki yirik va nufuzli klubi — “Manchester Siti” va “Chelsi” ham qo‘shildi. Jurnalist Grem Beylining X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berishicha, har ikki klub fransiyalik himoyachini o‘z safiga qo‘shib olish borasida dastlabki qadamlarni tashlab bo‘lgan.

Futbolchiga qiziqish faqat Angliya bilan cheklanib qolmagan. Manbalar Upamekano “Real Madrid”, “Pari Sen-Jermen” va “Liverpul”ning ham transfer rejalarida borligini qayd etmoqda. Bu esa uning bozordagi qadri va nufuzi qanchalik yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, “Bavariya” rahbariyati ham tajribali himoyachini osonlikcha qo‘yib yuborish niyatida emas. Klub mutasaddilari Upamekanoni shartnomani uzaytirishga ko‘ndirish ustida ish olib bormoqda va uni jamoaning kelgusi loyihasida muhim figura sifatida ko‘rmoqda.

Ayniqsa, “Manchester Siti” tarkibida markaziy himoya chizig‘ida raqobat ancha keskinlashgan. Odatda aynan shu pozitsiyada harakat qilishi kerak bo‘lgan Abduqodir Husanov ham joy yetishmasligi sabab o‘ng qanot himoyachisi sifatida o‘ynashga majbur bo‘lmoqda. Shunga qaramasdan, Xosep Gvardiola Transfermarkt portali tomonidan 60 million yevro deb baholanayotgan markaziy himoyachini erkin agent maqomida bepul qo‘lga kiritish imkoniyatini qo‘ldan chiqarishni istamayapti.

Upamekanoning qarori yozgi transfer oynasining eng qiziq mavzularidan biriga aylanishi shubhasiz. Muxlislar esa uning navbatdagi manzili qayer bo‘lishini katta qiziqish bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Yevropa grandlari Upamekano uchun jiddiy transfer kurashi boshladi