
Ispaniya chempionati La Liganing 16-turi doirasida 14 dekabr kuni "Mendisorrosa" stadionida "Alaves" va "Real" o'zaro bahs olib bordi. Madrid klubi 2:1 hisobida g'alaba qozondi.
Uchrashuv arafasida "Real" og'ir holatda edi: ketma-ket ikki mag'lubiyat, jamoa atrofidagi shov-shuvlar, yetakchilarning formasi pasaygani va jarohatlar ko'pligi ispan grandi imkoniyatlarini cheklab qo'ydi. Trent, Kamavinga, Karvaxal, Alaba, Militao va Mendi jarohat sabab maydonga tusha olmadi.
Karreras, Endrik va Fran diskvalifikatsiya qilindi. Ryudiger, Valverde hamda Mbappe esa asosiy tarkibda o'ynagan bo'lsa-da, to'liq sog'aymagan holda maydonga tushdi.
"Real" safida Viktor Valdepenas asosiy tarkibdagi ilk o'yinini o'tkazdi. Biroq o'yin qahramoni bo'lish vazifasi boshqalarga nasib etdi.
Maydon markazidagi zich kurash fonida tezlik va bo'sh hudud topish borasida ayniqsa Kilian Mbappe ko'zga tashlandi. Dastlab u darvoza yonidan aniq zarba bera olmadi, biroq birinchi bo'lim o'rtalarida hisobni ochdi.
Ryudiger to'pni podkatda qaytarib, Belllingemga uzatdi. Jud chap qanotga pas berdi, Mbappe esa jarima maydoni yaqinida markazga siljib, jarima maydoni yoyi atrofidan aniq zarba yo'lladi — 0:1.
Ko'p o'tmay "Real" ikkinchi bor ham darvozani ishg'ol qildi, ammo gol bekor qilindi. Bellingem burchak to'pidan keyingi vaziyatda zarba berishdan oldin to'p qo'liga tekkanini o'zi ham sezdi va epizod qoida buzilishi sifatida qayd etildi.
Shundan so'ng "Alaves" asta-sekin o'ziga keldi: standart vaziyatlarni ko'paytirdi, "Real"ni mudofaada ko'proq ishlashga majbur qildi. O'yin uzoq vaqt xavfli vaziyatlarga boy bo'lmadi.
"Real"dan Vinisius jarima maydoni chizig'idan zarba bergan epizodda darvozabon seyv amalga oshirdi, xolos. 67-daqiqada mezbonlar uch nafar futbolchini birdan maydonga tushirdi va o'zgarish darhol samara berdi.
Oradan bir daqiqa o'tib, Antonio Blankoning o'z maydonidan bergan ajoyib uzatmasidan keyin Karlos Visente ofsayd chizig'ini ushlab qoldi, Ryudigerni ortda qoldirdi va aniq zarba bilan hisobni tenglashtirdi — 1:1. Dastlab hakamlar ofsayd qayd etgandek bo'ldi, ammo takroriy lavha golning toza ekanini ko'rsatdi.
"Real" darhol o'ziga kelmadi. Hatto Toni Martinesda yaxshi imkoniyat bo'ldi, biroq u Visentening qulay uzatmasidan foydalana olmadi.
Shundan keyin madridliklar bosimi asta-sekin kuchaydi va yakunda g'alaba goli urildi. Vinisius chap qanotdan tezlikda o'tib, tanasi bilan himoyachini to'sdi va pastdan aniq uzatma berdi.
Rodrigo esa yiqilgan holda to'pni darvozaga yo'naltirdi — 1:2. Rodrigo bungacha 30 dan ortiq o'yinda gol ura olmagandi, endi esa ketma-ket ikki uchrashuvda raqib darvozasini ishg'ol qildi.
Bu safar uning goli "Real"ga uch ochkoni taqdim etdi. Natijada "qirollik klubi" "Alaves"ni katta qiyinchilik bilan taslim etdi va "Barselona"ni quvib borishni davom ettirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.