
Amerikalik bloger va professional bokschi Jeyk Pol britaniyalik mashhur og‘ir vaznli bokschi Entoni Joshuaga qarshi jangdan keyin sog‘lig‘i haqida ma’lumot berib, muxlislariga yangi yil tabrigini yo‘lladi.
Jeyk Pol ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jang oqibatida jag‘i singanini ochiq tan oldi. Biroq u bu holatga qaramay, eng muhimi — miyasi va umurtqa pog‘onasida hech qanday jiddiy shikast aniqlanmaganini ta’kidladi. Bokschining aytishicha, u o‘zini ruhan juda kuchli his qilmoqda va hozirgacha bunday g‘ayratni kam his etgan.
«Jag‘im sindi, ammo sog‘lig‘imning eng muhim qismlari joyida. Hech qachon o‘zimni bunchalik qat’iyatli his qilmaganman. Butun dunyodagi barchani yangi yil bilan tabriklayman. Oldinga intilishdan hech qachon to‘xtamang. Agar harakat qilmasangiz, muvaffaqiyatsizlik albatta bo‘ladi», — deya yozdi Pol.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jang 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan va unda Jeyk Pol oltinchi raundda nokaut orqali mag‘lubiyatga uchragan edi. Shunga qaramay, amerikalik bokschi ushbu mag‘lubiyatni yangi bosqichga turtki sifatida qabul qilib, muxlislariga motivatsion kayfiyat ulashishga harakat qildi.
Bu chiqish Polning nafaqat jismonan, balki ruhan ham maydonni tark etmaganini ko‘rsatdi. Muxlislar esa uning tez orada yana ringga qaytishiga umid bildirmoqda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.