
2025 yil davomida "Chelsi" "Bornmut"ni yana bir bor yenga olmadi: jamoalarning navbatdagi uchrashuvi ham 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Bahsning 6-daqiqasida mehmonlar autdan so‘ng xavfli vaziyat yaratdi: Devid Bruksning bosh bilan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytardi, biroq Bruks o‘zi qaytgan to‘pni darhol to‘ldirib, hisobni ochdi — 0:1. "Chelsi" tezda javob berdi: 15-daqiqada Ko‘ul Palmer penaltidan past zarba bilan to‘pni chap ustun yonidan darvozaga joyladi — 1:1. Oradan ko‘p o‘tmay "Bornmut"ning qarshi hujumida Bruks yana yaqin burchakka yo‘llagan zarbasi bilan tahdid solgan edi, bu safar ham "Chelsi" posboni ajoyib seyv bilan jamoasini qutqardi.
23-daqiqada mezbonlar oldinga chiqdi: Entso Fernandes jarima maydoni ichida to‘pni qabul qilib, aniq zarba bilan o‘ng "to‘qqizlik"ni nishonga oldi — 2:1. Biroq "Chelsi" ustunligi uzoq davom etmadi: 27-daqiqada autdan keyingi vaziyatda Trevo Chaloba bosh bilan noaniq o‘ynadi, Jastin Klyuyvert esa bir tegishda o‘ng burchakka yo‘llab, hisobni tenglashtirdi — 2:2. Tanaffusgacha "Bornmut" ham, "Chelsi" ham imkoniyatlar yaratdi: Aleks Ximenesning yaqin burchakka zarbasi to‘sindan yuqoridan o‘tib ketdi, Estevaoning bosh bilan yo‘llagan urinishida esa to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi.
Ikkinchi bo‘limda "Chelsi" bosimi kuchaydi. Estevao chap qanotdan yorib kirib, jarima maydoni yoyiga yaqin joydan pastdan zarba berdi — darvozabon sakrab to‘pni burchak zarbasiga chiqarib yubordi. Keyingi epizodda Pedro Netuning uzatmasidan so‘ng "Bornmut" himoyasi to‘pni bosh bilan uzoqlashtirdi, Entso Fernandes esa qulay vaziyatdan to‘pni to‘sindan yuqoriga oshirib yubordi.
Durangdan keyin "Chelsi" turnir jadvalida 5-o‘rinda bormoqda, "Bornmut" esa 6-o‘rinda, biroq quyi pog‘onalarga yaqin holatda qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.