
«Kristal Pelas» bosh murabbiyi Oliver Glasner «Fulhem»ga qarshi uchrashuv oldidan bo'lib o'tgan matbuot anjumanida «Tottenhem» hujumchisi Brennan Jonsonning ehtimoliy transferi yuzasidan tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Avvalroq OAV «burgutlar» va «shporlar» Jonson bo'yicha 40 million yevrolik kelishuvga yaqin ekani, biroq futbolchining o'zi kelajagi haqida yakuniy qarorga kelmagani haqida xabar tarqatgandi.
Glasnerning aytishicha, yaqin bir oy futbol bozorida odatdagidek juda shov-shuvli kechadi: u ko'p bor o'yinchi deyarli klubda deb o'ylagan paytida bitim buzilganini yoki qoladi degan futbolchi ketib qolganini ko'rgan.
Murabbiy har qanday bayonoti ikki kun ichida eskirib qolishi mumkinligini ta'kidladi va shu sabab bu mavzuni omma oldida muhokama qilishni istamasligini bildirdi.
Jonson 2024/25 mavsumida «Tottenhem»ning eng sermahsul to'purari bo'lgan va Yevropa Ligasi finalida «Manchester Yunayted»ga qarshi hal qiluvchi golni urgan. Biroq joriy mavsumda u maydondagi daqiqalar yetishmasligini his qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.