Chelsi Yangi yil kuni Mareska bilan xayrlashib katta xato qildi

Enso Mareska 1-yanvar kuni «Chelsi» bosh murabbiyligidan bo'shatildi. Bu Premyer-liga tarixida murabbiy Yangi yil kechasida lavozimidan ketgan ilk holat sifatida qayd etildi. Bir yarim yilda ikki sovrin, o'tgan mavsumdagi to'rtinchi o'rin, ligada eng yosh tarkib — baribir yakun. Sabab oddiy: «Chelsi»da faqat yutish yetmaydi, klub ichki qoidalariga ham bo'ysunish kerak. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Asl hukm dekabrda o'qildi: APLdagi 7 turda atigi 1 g'alaba, «Arsenal»dan 15 ochkolik ortda qolish va «Bournemouth» bilan durangdan keyin «Stemford Brij»dagi hushtaklar. Mareska o'yindan keyingi matbuot anjumaniga chiqmadi: rasmiy talqinda betob, norasmiy gap-so'zlarga ko'ra esa vaziyat nimaga ketayotganini allaqachon tushungan. Undan avval aytilgan ibora Angliyada uzoq eslanadi: «Klubga kelganimdan beri so'nggi 48 soat eng og'iri bo'ldi. Ko'p odamlar na meni, na jamoani qo'lladi». Bu yerda gap muxlislar haqida emasligi ham ta'kidlanadi.
Mareska 2024-yil yozida «Lester» bilan Chempionshipda chempion bo'lib kelgandi. Italiyalik mutaxassis jamoa qurishga urinib, natija ham berdi: Konferensiyalar ligasi va Klublar o'rtasidagi JChda sovrinlar, finalda «PSJ» ustidan 3:0 hisobidagi yirik g'alaba. Joriy mavsumda «Liverpul», «Tottenhem» va «Barselona» ham yengildi. Umumiy hisobda 92 o'yinda 55 g'alaba.
Muammo mag'lubiyatlar ketma-ketligida emas, murabbiy rahbariyat uchun “qulay” bo'lishdan to'xtagan paytda boshlandi.
Muvaffaqiyatlardan keyin Mareska klub ichida ko'proq ta'sir kutdi: reja bajarildi — so'z aytish huquqi ham bo'lishi kerak, degan mantiq. U Livay Koluill jarohatidan so'ng tajribali markaziy himoyachi olib kelinmaganini ochiq tanqid qildi. Murabbiy Klublar o'rtasidagi JChdagi g'alaba haqida kitob chiqarishni istadi, rahbariyat esa bunga qarshi bo'ldi. Shuningdek, Festivo dello Sport tadbirida klub bilan kelishmasdan qatnashgani ham e'tirozlarga sabab bo'ldi.
Kuzda Mareska Jorje Mendes agentligiga o'tdi. Shundan keyin jurnalistlar xabariga ko'ra, u oktyabr oxiri va dekabr o'rtalarida ikki bor «Chelsi»ni «Manchester Siti» vakillari bilan muloqotlar borligidan xabardor qilgan. Klub uchun bu jiddiy ogohlantiruvchi belgi bo'lib ko'rindi.
Mareska «Chelsi»dagi so'nggi to'rt yilda almashgan oltinchi murabbiy bo'ldi. Tomas Tuhel xarakterlar to'qnashuvi fonida ketdi. Grem Potter bosimga chiday olmadi. Maurisio Pochettino bilan esa o'zaro kelishuv asosida xayrlashishdi — u transferlarga ta'sir qilishni xohlagan. Endi navbat Mareskaga keldi. ESPN ma'lumotiga ko'ra, klub rahbarlarini uning tobora ko'proq omma oldida rahbariyatga qo'shilmay gapirayotgani xavotirga solgan, hatto bu holat murabbiyning o'z shtabi uchun ham kutilmagan bo'lgan.
Insayder Ben Jeykobsning yozishicha, Mareskaning ketishi bo'yicha reja 31-dekabr oqshomidayoq klub va uning agenti ishtirokida ishlab chiqila boshlagan. Rahbariyat bir ovozdan o'zgarish zarur degan qarorga kelgan. talkSPORT ma'lumotiga ko'ra, italiyalik mutaxassis jarayon tezroq yakunlanishi uchun kompensatsiyadan ham voz kechgan. Tomonlarning barchasi ajralishni imkon qadar tezlashtirishdan manfaatdor bo'lgan.
«Chelsi»ning navbatdagi o'yini yakshanba kuni «Manchester Siti»ga qarshi. Yangi murabbiy tayinlanguncha jamoani 21 yoshgacha bo'lganlar murabbiyi Kalum Makfarleyn vaqtincha boshqaradi. Fabrizio Romanoga ko'ra, doimiy lavozim uchun asosiy nomzod — «Strasbur»dan Liam Rosenyor. Bu “qulay” variant: fransuz klubi ham «Chelsi» bilan bir egalar qo'lida. Ya'ni amalda tizim ichidagi ko'tarilish.
Mareska esa, ehtimol, yozgacha kutadi. Jeykobsning ma'lumotiga ko'ra, u Pep Gvardiola ketadigan bo'lsa, «Manchester Siti»ni boshqarish imkoniyatini ko'zlayapti. Romano ham Enso «shaharliklar»ning short-listida borligini tasdiqlaydi, ammo yakuniy qaror yo'q.
«Murabbiy, hammasi uchun rahmat», — deb yozdi yarim himoyachi Enso Fernandes ijtimoiy tarmoqlarda.
Himoyachi Mark Kukurelya ishonch va xotiralar uchun minnatdorlik bildirdi. Biroq «Chelsi»ning sobiq vingeri Pet Nevin keskinroq fikr bildirdi:
«Ularga qo'g'irchoq kerak. Tepadan nima deyishsa, aynan shuni qiladigan odam. Agar shunday kishi kerak bo'lsa, shunisining o'zini qidirsin. Ular oson boshqariladigan, yoshroq murabbiyni olib keladi».
Mareska mag'lubiyatlar uchun emas, «Chelsi»da g'alaba ham yetarli bo'lmagani uchun ketdi. Bu yerda murabbiy to'liq bosh bo'ladigan tizim yo'q: hokimiyat sovrin olib kelganlarda emas, ularni moliyalashtirganlarda. Natija so'z huquqini bermaydi, faqat shartnomadagi bandlarni yangilaydi.
«Chelsi» Mareska ketganini 2026-yilning ilk kunida rasman e'lon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!