Alleyn derbi oldidan hayajonda: Husanov bilan aloqasi haqida gapirdi...

APLning 22-turida “Manchester Siti” o‘z maydonidagi eng katta imtihonlardan biriga tayyorgarlik ko‘ryapti — raqib “Manchester Yunayted”. Derbi oldidan “shaharliklar” himoyachisi Maks Alleyn jamoa kayfiyati, ilk derbi tajribasi va o‘zbekistonlik legioner Abduqodir Husanov bilan munosabatlari haqida fikr bildirdi.
Alleynning aytishicha, bu bellashuv u uchun alohida ahamiyatga ega — chunki bu uning “Siti” safidagi birinchi manchester derbisi.
“Bu men uchun birinchi derbi, birinchi tajriba. Juda ham hayajondaman. Atmosfera ajoyib bo‘lishiga ishonaman, intiqlik bilan kutyapman. Bu haqda ertaga va indinga tayyorgarlik ko‘rib, muhokama qilamiz. Men Abduqodir Husanov bilan juda yaxshi aloqa o‘rnatib ulgurdim”, — dedi Alleyn.
Uning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, jamoa ichidagi o‘zaro tushunish ham muhim detal sifatida qaralayapti. Ayniqsa himoyachilar o‘rtasidagi “kim qayerni yopadi, kim qachon chiqadi” degan avtomatik his etish derbi kabi o‘yinlarda oltinga teng.
Shuningdek, Alleyn “Manchester Siti”dagi faoliyati qanday kechayotgani haqida ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, bu davr juda shiddatli, lekin aynan shu temp unga yoqyapti.
“Bu paytgacha hammasi juda shiddatli o‘tdi, har soniyasi yoqdi, hech narsani almashtirmasdim. “Uotford”dagi faoliyatimni yoqtirmaganman demayman, ammo asosiy maqsad — bu yerga qaytish, futboldan zavq olish edi. Hozir esa bundan juda mamnunman”, — deydi u.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” — “Manchester Yunayted” derbisi 17 yanvar kuni soat 17:30 da start oladi. Muxlislar uchun bu o‘yin oddiy tur o‘yini emas — bu manchestercha “his-tuyg‘ular chempionati”. Endi esa intriga bitta: derbida qaysi jamoa sovuqqon, qaysi biri hissiyotga yutqazadi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!