Rafinya Yamalning bir odatini ochiq tanqid qildi

«Barselona» vingeri Rafinya Lamin Yamal telefon bilan ko‘p vaqt o‘tkazgani sabab kech uxlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yamal ertalabki mashg‘ulotlarga doimo uyqusi kelgan holatda keladi. Rafinya yosh futbolchini injiq emas, balki kamgap deb ta’rifladi va u mashg‘ulotlarning dastlabki soatida deyarli hech kim bilan muloqot qilmasligini bildirdi. «Barselona» 7 fevral, shanba kuni Ispaniya chempionatida o‘z maydonida «Malorka»ni qabul qiladi.
«Barselona» jamoasi vingeri Rafinya jamoadoshi, yosh hujumchi Lamin Yamalning o‘ziga xos kamchiliklaridan biri haqida fikr bildirdi.
Braziliyalik futbolchining aytishicha, Yamal kundalik hayotida telefon bilan juda ko‘p vaqt o‘tkazadi va aynan shu odat uning kech uxlashiga sabab bo‘lyapti.
— Uning yoshini inobatga olsak, telefon bilan ko‘p shug‘ullanishi tabiiy hol. Ertalab mashg‘ulotlarga kelganda esa Lamin doimo uyqusi kelgan holatda bo‘ladi. Menimcha, u juda kech yotadi. Bu kechqurun sayr qilgani uchun emas, aynan telefon sabab. U injiq yigit emas, shunchaki kamgap. Mashg‘ulotning birinchi soatida deyarli hech kim bilan muloqot qilmaydi, — dedi Rafinya Sofascore nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, «Barselona» jamoasi Ispaniya chempionati doirasida 7 fevral, shanba kuni o‘z maydonida «Malorka» klubini qabul qiladi.






























Izohlar 0
…