«San Siro»da kutilmagan sovuq dush: "Parma" "Milan"ni yengdi (video)

Italiya chempionatining 26-turida «Milan» o‘z maydonida «Parma»ni qabul qildi va, rostini aytganda, ko‘pchilik kutgan ssenariy umuman chiqmadi. «San-Siro»dagi bahs «rossoneri» uchun og‘ir kechdi: Allegri shogirdlari yakunda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan ochkolarni qo‘ldan chiqardi.
E’tiborlisi, «Milan» A Seriyada avgust oyidan buyon mag‘lubiyat degan narsani unutib kelayotgandi. 24 ta o‘yinlik “mag‘lubiyatsiz seriya” — bu shunchaki statistika emas, bu jamoaning xarakteri, ishonchi va barqarorligi edi. Ammo futbolda bir lahza hamma narsani ag‘darib tashlashi mumkin — bu safar ham xuddi shunday bo‘ldi.
Uchrashuv davomida «Milan» to‘pni ko‘proq nazorat qildi, hujumlarga chiqdi, imkoniyatlar izladi. Lekin hal qiluvchi zarba — aniqlik va so‘nggi qarorlar masalasida muammo sezildi. Gol urolmasang, futbol seni kechirmaydi — ayniqsa, raqib bir imkoniyatni olsa-yu, uni sovuqqonlik bilan golga aylantirsa.
Shunday bo‘ldi ham: 80-daqiqada Troilo o‘z imkoniyatini qo‘ldan chiqarmadi va «Parma»ni oldinga olib chiqdi. Qolgan vaqtda «Milan» bosimni kuchaytirdi, ammo hisobni o‘zgartirishga ulgurmadi. «San-Siro»dagi muxlislar uchun bu — “qaysi filmni ko‘ryapmiz o‘zi?” degandek holat.
Bu mag‘lubiyatdan keyin «Milan» 54 ochko bilan 2-o‘rinda qoldi. Endi peshqadam «Inter» (64) bilan oraliq 10 ochkoga chiqdi — chempionlik poygasida bu juda jiddiy signal. «Parma» esa 32 ochkoga yetdi va 12-pog‘onada o‘zini ancha ishonchli his qila boshladi.
A Seriya. 26-tur
Milan — Parma 0:1
22 fevral, «San-Siro»
Gol: Troilo (80).
Milan — Menyan, Tomori (Atekame, 85), Gabbia, Bartesagi, Salemakers, Loftus-Chik (Yashari 11, Nkunku 85), Modrich, Rabio, Estupinan (Pavlovich, 62), Leau, Pulishich (Fullkrug, 62).
Parma — Korvi, Delprato, Troilo, Valenti, Britcji, Bernabe (Nikolussi, 60), Keyta, Ordonez (Serensen, 59), Valeri, Strefetssa (Ondreyka, 76), Pellegrino (Esteves, 90+3).
Ogohlantirishlar: Salemakers (32), Troilo (48), Leau (52).
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!