Masip Flik davridagi Barselona yangi bosqichga chiqqanini aytdi

“Barselona” prezidenti Joan Laportaning maslahatchisi Enrik Masip jamoa bosh murabbiyi Hans-Diter Flikning ishlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Nemis mutaxassis o‘tgan yozda kataloniyaliklar bilan ish boshlagan. Uning ilk mavsumida “Barselona” Ispaniya ichidagi uchta sovrinni ham qo‘lga kiritdi, joriy mavsumda esa allaqachon Superkubokni yutib ulgurdi.
Masipning ta’kidlashicha, Flik bilan “Barselona” o‘yin sifati va mukammallik borasida yangi darajaga ko‘tarildi. Unga ko‘ra, muxlislar yana futbolchilardan faxrlanmoqda, Lamin Yamal va boshqa yulduzlar bilan o‘zini yaqin his qilmoqda.
Maslahatchi klub kelajagi haqida ham optimistik fikrlar bildirib, “Kamp Nou” bo‘yicha yangi loyiha ortiqcha tavakkalchiliksiz yo‘lga qo‘yilganini aytdi.
Masipning so‘zlariga ko‘ra, taxminan bir yarim yildan keyin “Barselona” dunyodagi eng yaxshi stadionga ega bo‘ladi. Ushbu fikrlarni Barca Universal nashri keltirdi.
15 mart kuni klubda yangi prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!