Javohir Sindarovning murabbiyi jahon chempionligi rejasini ochiqladi

Javohir Sindarovning murabbiyi Roman Vidonyak shogirdining kelajakdagi rejalari to‘rt bosqichdan iborat ekanligini ma’lum qildi. Hozirgacha Nomzodlar turniri g‘olibiga aylanish bilan ikkinchi bosqich muvaffaqiyatli yakunlandi, endilikda asosiy maqsad — jahon chempionligi uchun kurashishdir. Eng murakkab vazifa sifatida reytingni 2800 darajasiga ko‘tarish va elita turnirlarda barqaror ustunlik qilish belgilangan. Ushbu yuksak natijalarga erishish uchun jamoa tizimli mashg‘ulotlar va strategik tayyorgarlikni davom ettiradi.
Foto: Niki Riga / FIDE
Javohir Sindarovning murabbiyi Roman Vidonyak Nomzodlar turniridagi g‘alabadan so‘ng shogirdining kelajak rejalari haqida batafsil fikr bildirdi.

Foto: UzChess
Uning aytishicha, bu natija hali yo‘lning boshlanishi hisoblanadi. Jamoa oldida to‘rt bosqichdan iborat uzoq muddatli maqsadlar qo‘yilgan bo‘lib, hozircha ularning ikkinchisi muvaffaqiyatli yakunlangan:
- "Bu hali eng katta natija emas. Biz rejamizdagi to‘rt bosqichdan faqat ikkinchisini yakunladik", — deydi Vidonyak.
Birinchi bosqich Nomzodlar turniriga chiqish bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi uning g‘olibiga aylanish edi. Endi asosiy vazifa — jahon chempionligi uchun kurash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish:
- "Birinchisi Nomzodlar turniriga chiqish edi. Ikkinchisi esa uni yutish. Buni uddaladik. Endi navbat uchinchi bosqichga — jahon chempionligi uchun bahsga", — deydi Vidonyak.
Vidonyakning taʼkidlashicha, eng murakkab bosqich — 2800 reyting darajasiga chiqish va elita turnirlarda barqaror ustunlik qilish hisoblanadi. U bu darajadagi natijalarni ilgari Garri Kasparov va Magnus Karlsen kabi afsonalar amalga oshirganini eslatib o‘tdi:
- "Eng qiyini esa to‘rtinchi bosqich bo‘ladi: 2800 darajasiga chiqib, turnirlarda doimiy ustunlik qilish. Buni o‘z vaqtida Garri Kasparov va Magnus Karlsen uddalagan", — deydi Vidonyak.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsadga yetish uchun kamida ikki yil jiddiy mehnat talab etiladi. U Sindarov hali to‘liq shakllanish jarayonida ekanini ham qayd etdi:
- "Buning uchun kamida ikki yil jiddiy ishlashimiz kerak bo‘ladi. Ular (Kasparov va Karlsen) bu yoshda allaqachon tayyor edi, biz esa hali ham ustimizda ishlayapmiz", — deydi Vidonyak.
Tayyorgarlik jarayonida bir yil ichida 9 ta o‘quv yig‘ini o‘tkazilgan bo‘lib, ular asosan Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan va har biri 10–14 kun davom etgan:
- "Tayyorgarlik? Bir yil ichida 9 ta yig‘in o‘tkazdik. Ular asosan Myunxenda bo‘lib, har biri 10-14 kun davom etdi", — deydi Vidonyak.
Ish jarayonida kompyuter tahlili emas, balki shaxmat taxtasi ustida amaliy mashg‘ulotlar ustuvor ekani taʼkidlandi. Shu orqali turli mavzular bo‘yicha 40 mingga yaqin mashqlar bajarilgan:
- "Shuningdek, biz odatda kompyutersiz — shaxmat taxtasi oldida ishlaymiz. Turli mavzular bo‘yicha tizimli tarzda men tuzgan 40 mingga yaqin mashqlarni bajaramiz. Maqsad — o‘yinchining fikrlashini rivojlantirish", — deydi Vidonyak.
Vidonyakning fikricha, asosiy maqsad — shaxmatchining fikrlash tezligi va strategik ko‘nikmalarini rivojlantirish. Bu esa kelajakda jahon shaxmatida yuqori natijalarga erishish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi:
- "Maqsad — o‘yinchining fikrlashini rivojlantirish", — deydi Vidonyak UzChess‘ga.






























Izohlar 0
…