Andoni Iraola Angliya Premer-ligasidagi yangi jamoasini tanlamoqda

Bornmut bosh murabbiyi Andoni Iraola mavsum yakunida jamoasini tark etishi ma'lum bo'lgach, Angliya Premer-ligasining bir qator klublari e'tiboriga tushdi. Ispaniyalik mutaxassis hozirda Londonning Kristal Pelas klubi bilan muzokaralarda yetakchilik qilmoqda va tomonlar kelishuvga yaqin turibdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kristal Pelas rahbariyati Oliver Glasnerning ketishi kutilayotgan bir paytda, Iraolani jamoaning yangi loyihasi uchun asosiy nomzod deb bilmoqda. Klub mutasaddilari boshqa raqobatchilarni ortda qoldirish uchun murabbiyga jozibador taklif bilan chiqqani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Chelsi ham ispaniyalik murabbiy bilan bog'lanib, uni Stamford Bridjga olib kelish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda. Londonliklar jamoani uzoq muddatli loyiha doirasida boshqara oladigan taktik jihatdan moslashuvchan murabbiy qidirmoqda.
Manchester Yunayted ham vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Garchi Maykl Kerrik boshchiligida jamoa o'yinida ijobiy o'zgarishlar kuzatilayotgan bo'lsa-da, klub rahbariyati tajribaliroq va aniq falsafaga ega bo'lgan Iraolani muqobil variant sifatida ko'rmoqda.
Iraolaning Bornmutdagi muvaffaqiyatli faoliyati, ayniqsa cheklangan resurslar bilan Yevropa musobaqalari uchun kurashishi uni Premer-ligadagi eng talabgir murabbiylardan biriga aylantirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!