Lionel Messi Barselonaning chempionligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Lionel Messi o‘zining sobiq jamoasi Barselona ketma-ket ikkinchi bor Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zining samimiy tabrigini yo‘lladi. Inter Mayami safida to‘p surayotgan argentinalik afsona Spotify Camp Nou stadionida Real Madrid ustidan qozonilgan tarixiy g‘alabadan so‘ng, Instagram sahifasida "Campeones!!! Visca el Barca!!!" deya yozib, kataloniyalik muxlislarni xushnud etdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Hansi Flick shogirdlari uchun bu g‘alaba o‘zgacha ahamiyat kasb etdi. Marcus Rashford va Ferran Torresning gollari evaziga erishilgan 2:0 hisobidagi g‘alaba Barselonaga muddatidan avval chempionlikni taqdim etdi. Bu natija orqali kataloniyaliklar turnir jadvalida Real Madrid bilan bo‘lgan farqni 14 ochkoga yetkazib, o‘zaro o‘yinlardagi umumiy g‘alabalar sonini ham tenglashtirib olishdi.
Uchrashuv Hansi Flick uchun og‘ir kechdi. O‘yin boshlanishidan oldin murabbiyning otasi vafot etgani ma’lum bo‘ldi, biroq nemis mutaxassisi jamoani tark etmay, o‘z vazifasini munosib bajardi. Futbolchilar murabbiyning bu jasoratiga munosib javob qaytarib, unga Barselonadagi ikkinchi chempionlik sovrinini taqdim etishdi.
Ayni damda Real Madrid lagerida esa inqirozli vaziyat kuzatilmoqda. Mavsum davomida barqaror o‘yin ko‘rsata olmagan va ichki nizolar bilan kurashgan Madrid klubi, ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng mavsumni qiyinchilik bilan yakunlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!