Arne Slot Liverpulni tark etish haqida o‘ylamaganini aytdi

Liverpul bosh murabbiyi Arne Slot joriy mavsumdagi qiyinchiliklar va muxlislarning noroziligiga qaramay, iste’foga chiqish haqida biror marta ham o‘ylamaganini ta’kidladi. Niderlandiyalik mutaxassis klubni boshqarishda davom etish uchun eng munosib nomzod ekanligiga ishonchi komil. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Jamoa chempionlik poygasidan chiqib ketgan bo‘lsa-da, Liverpul Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish arafasida turibdi. Slot jamoasi yaqinlashib kelayotgan Aston Villa bilan bahsda g‘alaba qozonsa, nufuzli turnirdagi ishtirokini rasman ta’minlaydi.
Murabbiy o‘z faoliyatida ilk bor sovrinsiz mavsumni o‘tkazayotganini tan oldi, ammo bu holat uni sindirmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub kelasi mavsumda yanada kuchliroq bo‘ladi va u o‘z loyihasini davom ettirishga tayyor.
Tanqidlarga munosabat bildirarkan, 47 yoshli murabbiy shunday dedi: "Men 12 yoshda emasman. 16 yoshimdan beri professional futboldaman va tanqidlar futbolning bir qismi ekanligini yaxshi bilaman. Agar bunday bosimga bardosh bera olmasangiz, Liverpul kabi klubda ishlay olmaysiz".
Slot shartnomasi borligini va klub rahbariyati bilan o‘tkazilgan suhbatlardan so‘ng, kelasi mavsumda ham jamoani boshqarishiga hech qanday shubha yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!