Xabi Alonso va Chelsi: yangi davr yoki navbatdagi xato?

Real Madriddagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng, Xabi Alonso o‘z faoliyatini Chelsi klubida davom ettiradigan bo‘ldi. Ko‘pchilik mutaxassislar ispaniyalik murabbiyning bu qarorini tavakkalchilik deb atamoqda, chunki London klubi so‘nggi yillarda barqarorlikdan yiroq. Biroq, bu safar vaziyat biroz o‘zgacha: klub rahbariyati Alonso bilan tuzilgan shartnomada uni shunchaki "bosh murabbiy" emas, balki "menejer" deb atadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ushbu kichik farq katta o‘zgarishlarni anglatadi. "Menejer" maqomi Alonsoga tarkibni shakllantirish va transfer siyosatida avvalgi murabbiylar Enzo Mareska va Liam Roseniorga nisbatan ko‘proq vakolat beradi. BlueCo konsorsiumi nihoyat jamoani uzoq muddatli loyiha asosida qurishga qaror qilgan ko‘rinadi, bu esa murabbiyga o‘z falsafasini singdirish uchun vaqt berilishini anglatadi.
Chelsi yaqin o‘tmishda Mareska va Rosenior bilan ishlashda sabrsizlik ko‘rsatgan edi. Ayniqsa, Mareskaning Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritganiga qaramay ishdan bo‘shatilishi klubdagi tartibsizliklardan dalolat beradi. Rosenior esa kiyim almashtirish xonasidagi yulduz futbolchilar bilan til topisha olmagani sababli atigi uch yarim oy faoliyat yuritdi.
Alonso uchun bu vazifa oson bo‘lmaydi. Real Madridda Vinicius Junior va Jud Bellingem kabi yulduzlar bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklar uning obro‘siga putur yetkazgan edi. Agar u Chelsi futbolchilarining ishonchini qozona olsa va jamoada sog‘lom muhit yarata olsa, London klubi yana sovrinlar uchun kurashadigan kuchli jamoaga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!