Guti: Xabi Alonso Real Madrid klubidan jiddiy sabab tufayli haydalgan

Real Madrid sobiq yarim himoyachisi Guti Xabi Alonso kutilmaganda iste’foga chiqarilgani borasida oʻz fikrlarini bildirdi. Uning fikricha, murabbiyning Santiago Bernabeu stadionini bunchalik tez tark etishiga kiyinish xonasidagi "juda jiddiy va yirik" mojaro sabab boʻlgan. Alonso yanvar oyida, tayinlanganidan bir necha oy oʻtib ishdan boʻshatilgan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Guti Iker Casillas bilan birga ishtirok etgan "Bajo los palos" koʻrsatuvida Florentino Perezning qarorini tahlil qildi. "Xabi Alonso besh oylik yoki bir yillik loyiha emas edi, u uzoq muddatli rejalarning bir qismi edi. Florentino Perezni yaxshi bilgan holda aytishim mumkinki, u ichkarida biror jiddiy voqea sodir boʻlmaguncha bunday qaror qabul qilmaydi. Menimcha, kiyinish xonasida gʻalati ishlar boʻlgan", — dedi Guti.
Shuningdek, sobiq futbolchi jamoaning hozirgi holatini ham tanqid ostiga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, Real Madrid tarkibida muvozanat va jamoaviy ruh yetishmayapti. Guti jamoa oʻyin jihatidan Vinicius Junior va Kylian Mbappe kabi yulduzlarning individual mahoratiga haddan tashqari bogʻlanib qolganini ta’kidladi.
Guti kiyinish xonasidagi muhit oʻzgargani, mahalliy futbolchilar kamligi jamoa jipsligiga salbiy ta’sir koʻrsatayotganini qoʻshimcha qildi. Uning fikricha, dunyoning turli burchaklaridan kelgan yulduzlar bilan mustahkam guruh shakllantirish avvalgidan koʻra qiyinlashgan. Hozirda klub yangi murabbiy izlash va 7-iyun kuni boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik koʻrish bilan band.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!