Xavi Yamalning Messiga o‘xshash va farqli jihatlarini aytdi

«Barselona»ning sobiq bosh murabbiyi Xavi Lamin Yamalni Lionel Messi bilan solishtirishlar haqida gapirdi.
Xaviga ko‘ra, bunday taqqoslashlar ma’lum ma’noda tushunarli. Chunki Yamal ham chapaqay, o‘ng qanotda harakat qiladi, markazga kirib o‘ynaydi, vaziyat yaratadi va hal qiluvchi uzatma bera oladi.
Shu bilan birga, Xavi yosh futbolchini barcha davrlarning eng buyuk o‘yinchilaridan biri bilan solishtirish unga ortiqcha bosim yuklashini aytdi.
«Biz yigitchaga bunday solishtirishlar orqali yaxshilik qilmayapmiz. Bu unga bosim beradi. Lekin, menimcha, u bundan bezovta emas. U to‘pni istaydi, futbol o‘ynashni xohlaydi va o‘yindan zavq oladi», dedi Xavi.
Uning fikricha, Yamalda kuchli xarakter bor. Xavi buni futbolchining maydonda o‘zini erkin tutishi va mas’uliyatdan qochmasligi bilan izohladi.
Sobiq murabbiy Messi Lamin uchun yo‘lboshchi ekanini ham ta’kidladi. U Messi Yamal haqida ijobiy fikr bildirganini yosh futbolchi uchun katta rag‘bat sifatida baholadi.
Xavi ikki futbolchi o‘rtasida farqlar ham borligini aytdi. Uningcha, Lamin ko‘proq driblingga tayanadi, Messi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri darvoza tomon harakat qilishi bilan ajralib turgan.
Biroq Xavi ularni xarakter jihatidan o‘xshatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Messi ham, Yamal ham o‘zining boshqalardan farqli ekanini his qiladi. Bu esa katta futbolchi bo‘lish uchun muhim jihatlardan biri.
Xavi Lamin Yamal «Barselona» akademiyasida Pau Kubarsi, Mark Bernal, Alexandro Balde va Gavi kabi futbolchilar bilan birga o‘sganini ham esladi. Uning aytishicha, jamoadoshlari ham Yamalning alohida iste’dod ekanini yaxshi biladi.































Izohlar 0
…