Arsenal yangi transferni e’lon qildi: Leandro Trossard oʻrniga 40 million yevrolik xarid

Londonning Arsenal klubi transfer bozorida faollik koʻrsatib, jamoani tark etgan Leandro Trossardning oʻrniga munosib nomzod topdi. Angliya chempioni gretsiyalik iqtidorli hujumchi Christos Tzolis bilan rasmiy shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Ushbu transfer London klubi uchun hujum chizigʻini yoshartirish va raqobatni kuchaytirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashri xabariga koʻra, Arsenal 2002-yilda tugʻilgan futbolchi uchun Belgiya chempioni Club Brugge jamoasiga jami 40 million yevro toʻlaydi. Bir necha kun avval Leandro Trossard 18 million yevro evaziga Turkiyaning Beshiktosh klubiga oʻtganidan soʻng, Mikel Arteta jamoasi tezkorlik bilan uning oʻrnini toʻldirishga qaror qildi. Tzolis tibbiy koʻrikdan muvaffaqiyatli oʻtib, klub bilan 2031-yilning iyuniga qadar moʻljallangan uzoq muddatli shartnomaga imzo chekdi.
Yevropaning eng yaxshi assistenti
Christos Tzolis oʻtgan 2025/2026-yilgi mavsumda oʻzini koʻrsatib, mutaxassislar e’tiborini tortdi. Statistik ma’lumotlarga koʻra, Yevropaning kuchli oʻnta chempionati doirasida hech bir futbolchi Tzolis kabi koʻp golli uzatmani amalga oshira olmagan. U mavsum davomida 23 ta assist qayd etib, bu borada qit’ada yetakchilik qildi. Shuningdek, u Belgiya ligasida 97 ta aniq kross (uzatma) bilan eng yaxshi natijani qayd etgan.Gretsiya terma jamoasi a’zosi boʻlgan ushbu vinger uchun Angliya futboli begona emas. U 2021-yilda PAOK jamoasidan 11 million yevro evaziga Norwich City safiga kelib qoʻshilgan edi. Oʻshanda u "kanareyalar" safida 30 ta oʻyinda maydonga tushib, 3 ta gol urishga ulgurgan. Keyinchalik u Twente va Fortuna Dusseldorf klublarida ijara asosida toʻp surib, oʻz mahoratini oshirib bordi.
Uning faoliyatidagi haqiqiy yuksalish Club Brugge safiga oʻtganidan soʻng boshlandi. 2024-yilning yozidan buyon Belgiya klubi libosida 108 ta uchrashuvda qatnashgan Tzolis 43 ta gol va 45 ta golli uzatmani oʻz hisobiga yozdirib qoʻydi. Bunday samaradorlik Arsenal skautlarini befarq qoldirmadi va ular futbolchini bir necha hafta davomida kuzatib borishdi.
Arsenal muxlislari uchun ushbu transfer jamoaning kelajakdagi ambitsiyalaridan dalolat beradi. Christos Tzolis nafaqat chap qanotda, balki hujumning boshqa nuqtalarida ham harakat qila olishi bilan Mikel Arteta taktik sxemalariga mos tushadi. Angliya Premer-ligasining yangi mavsumida ushbu yosh yulduzning qanday debyut qilishi koʻpchilikning diqqat markazida boʻlishi aniq.






























Izohlar 0
…