Madridning “Real” klubi va Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Krishtianu Ronaldu Braziliyaning youtube.com saytidagi Desimpedidos kanaliga intervyu berdi.
Quyida qiziqarli tarzda kechgan suhbat bilan tanishishingiz mumkin.
— Muxlislar xaqida gapirib bersangiz.
— Ronalduni yoqtiradiganlar bisyor va albatta, kimlargadir yoqmayman. Meni sevadigan, qo‘llaydiganlarni hamisha hurmat qilaman.
Marselo va Kazemiro Braziliyada meni qo‘llaydiganlar ko‘pligini ta’kidlashadi. Bunga sabab tilimiz bir xilligi emas (braziliyaliklar ham portugalchada gaplashishadi). Bu meni baxtli qiladi.
— “Oltin to‘p”ni besh marta qo‘lga kiritishingizni bilganmisiz?
— Yo‘q... O‘zgacha bolakay ekanligimni bilardim. Chunki sinfdoshlarim orasida ajrab turardim. Kelajakda nima bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Avval “Sporting”da to‘p surdim, keyin “Manchester Yunayed”ga o‘tdim.
Aynan o‘shanda jahonning eng kuchli futbolchilari qatorida o‘ynay boshladim. Shu bilan birga ular orasida ajrab turganman. Manchesterdagi faoliyatimdan keyin “Oltin to‘p”ni yutishim mumkinligiga ishondim. Umuman olganda, bu sovrin haqida 16, 17 yoki 18 yoshligimdan o‘ylay boshlaganman.
— Sizda “Jahonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishim kerak” degan xayol bo‘lgandir?
— Yo‘q. Agar o‘zingizga bosim qilsangiz, bu yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hammasi o‘z yo‘lida ketishi kerak. Mening hayotim ham shunday kechdi.
Agar bir narsaga o‘ta berilib ketsangiz, maqsadga erishish qiyin bo‘ladi. Bunaqasi nafaqat professional faoliyat, balki shaxsiy hayotda ham yuz beradi.
— Bolaligingizda qaysi futbolchilar sizni ruhlantirgan?
— Har doim professional futbolchi bo‘lishga intilganman va Portugaliya termasida o‘ynashni orzu qilganman.
Rui Koshta, Fernando Koutu va Luish Figu o‘yinlarini kuzatib, ular bilan birga to‘p surishni orzu qilganman. Ushbu yulduzlarga qarab:
“Men ularning orasida o‘ynashim kerak”, derdim. Oxir-oqibat terma jamoa a’zosiga aylandim.
— Deku haqida gapirasiz, deb o‘ylagandim.
— Ha, Deku bilan termaga teng kelganmiz. U xuddi men kabi milliy jamoada 2003 yildan o‘ynay boshlagan.
— O‘shanda sizning ishqibozingizga aylanganman.
— Jiddiymi?
— Ha! Vinger pozitsiyasida o‘ynardingiz. Futboldan tashqari yana nimalarni yoqtirasiz?
— Uyda futbol ko‘rmayman. Ayrim derbilar, katta o‘yinlarni tomosha qilishim mumkin. Menga kino, seriallar, hujjatli filmlar, musiqiy konsertlar ko‘proq ma’qul.
Shuningdek, sayohat qilishni ham yoqtiraman. Dam olish kunlari Fransiya, Angliya, Portugaliyaga boraman.
— Keling, milliy terma haqida gaplashamiz. Siz jamoa yetakchisi va to‘purarisiz. Portugaliya JCH-2018da qanchalik uzoqqa borishi mumkin?
— Jahon chempionatida jamoamiz favorit emas. Musobaqada bizdan ko‘ra kuchli raqiblar bor: Braziliya, Ispaniya, Germaniya, Argentina. Biroq futbolda hamma narsa ro‘y berishi mumkin.
Oldimizda Ispaniyaga qarshi qiyin bo‘lgan birinchi o‘yin bor. Ispanlar chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biridir. Avvalambor, biz guruhdan chiqishimiz lozim, u yog‘ini keyin ko‘ramiz.
Asosiy maqsadimiz - “pley-off” bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.
— Orzuingiz bormi?
— Futbolda hamma narsaga erishib bo‘ldim, deb o‘ylamayman. Boshqa tomondan, orzuim ushaldi, deyishim mumkin. Agar mendan “Yana qandaydir sovrin yutishni istaysanmi?”, deb so‘rasangiz, jahon chempionatida g‘olib chiqishni aytaman.
Mabodo faoliyatimni hozir yakunlaydigan bo‘lsam, faxr bilan, baxtiyor holda tugatardim. Faoliyatim bunchalik muvaffaqqiyatli kechishini o‘ylamagandim.
— Deyarli 700ta gol urgansiz. Shundan eng yaxshi uchtasini ayta olasizmi?
— Bir narsa deyish qiyin. Ehtimol, oxirgi gollarim eng muhimlaridir. Lekin siz aniq javob kutyapsiz. Balki o‘zingiz aytarsiz, qaysi gollarim chiroyli ekanini?!
— Menga “Manchester Yunayted” safida “Portu” darvozasiga jarima maydoni tashqarisidan urgan golingiz yoqadi.
— Ha, ha.
— Keyin “Portsmut” darvozasiga erkin zarbadan urilgan gol. Qiziq, sizning o‘rningizga javob beryapman.
— Aniq javob berish qiyin. Xayriyatki, chiroyli gollarni ko‘p urganman.
— Ularni hech bo‘lmasa eslay olasizmi?
— Yodimda. Siz uchta gol haqida so‘radingiz. Yuqorida aytganimdek, juda ko‘p marotaba to‘p kiritganman. Ular orasidan uchtasini tanlab olish mushkul. Chempionlar Ligasidagi gollar esa hamisha muhim.
— Sizni Kris deb atasam bo‘ladimi?
— Albatta.
— Kris, oynaga qarab, “Men juda chiroyliman” degan kunlaringiz ham bo‘lganmi?
— Ha. Menga nisbatan kuchli e’tibordan keyin o‘zimni yaxshi ko‘rishga haqliman. O‘zimni ideal deb hisoblamayman, lekin o‘zimga-o‘zim baho berishim kerak.
— Endi Braziliya haqida gaplashamiz. Yaqinda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida “Gremio”ga qarshi o‘ynadingiz. Jamoalaringiz orasidagi farq yaqqol ko‘rindi. Raqib futbolchilari Navas darvozasi oldida hech qanday vaziyatni yuzaga keltira olishmadi. Siz ham bu farqni sezdingizmi?
— Har qanday finalda ikki jamoaning imkoniyatlari teng bo‘ladi. Lekin o‘rtadagi farqni sezdim. Tan olib aytish kerak, “ko‘hna qit’a” futboli ancha kuchli, Xitoy, Braziliya yoki Meksikada futbolni yaxshiroq o‘ynashadi, deya olmayman.
Yevropada jahonning eng yaxshi o‘yinchilari to‘p surishadi. Bu yerda raqobat o‘ta kuchli, shuning uchun qudratli klublarga qarshi bahs olib borasiz. Braziliyaliklarning texnik salohiyati tahsinga sazovor.
Ammo ular “Barselona”, “Real”, “Atletiko”, “Sevilya” kabi klublarga qarshi har doim ham o‘ynashmaydi. Agar o‘z o‘yinimizni namoyish qilsak, finalda g‘olib chiqishimizni bilardim. Albatta, “Gremio” ajoyib jamoa. Uning qanday kuchga ega ekanligini bilardik.
— Braziliyaning qaysi klublarini bilasiz? Ular safida o‘ynagan bo‘larmidingiz?
— Ayni payt Yevropada o‘ynashni istayman. “Flamengo”, “Gremio” kabi klublar Yevropada ham mashhurlar. Braziliya futboli, Portugaliyada o‘ynayotgan braziliyaliklarning o‘yinlarini kuzatib boraman.
Umuman olganda, ushbu mamlakat futbolchilarining imkoniyatlari juda katta.
— Qachongacha jahonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar qatorida yurasiz?
— Hech qachon beshta “Oltin to‘p” yutishni orzu qilmaganman. Agar hoziroq faoliyatimni yakunlashimga to‘g‘ri kelsa, o‘zimni juda baxtli his qilgan bo‘lardim. Futbolda hamma narsa yutdim. Bordi-yu yana ikki yoki uchta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritsam, aslo xafa bo‘lmayman.
Agar buning aksi bo‘lsa... tasavvur qilyapsizmi, besh marta yutdim. Albatta, ambitsiyalarim bor va jahonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da’vogarlar qatorida yurishga arziyman. Ayrimlar buning aksini aytadi, biroq men o‘zimga ishonaman.
Abdulloxon ISROILXONOV tayyorladi
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi