21:52 / 22.05.2018
4 367

“Real Madrid” vakillari Toshkentda (foto)

“Real Madrid” vakillari Toshkentda (foto)
Xabaringiz bor, 2018 yilning yanvar oyida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol federatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyaga tashrif buyurib, "Real Madrid" klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.

Ushbu kelishuvga asosan bugun 22 may kuni yurtimizga “Qirollik klubi” akademiyasining menejerlari Andres Antonio hamda Xuan Pablolar tashrif buyurishdi.

“Real Madrid” akademiyasi menejerlari bilan MOQ prezidenti va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov uchrashuv o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvda "Qirollik klubi"ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida "Real Madrid"da faoliyat yuritayotgan murabbiylarni O‘zbekistonga olib kelish, ular ishtirokida futbol maktablarimizda mashg‘ulotlar o‘tkazish, futbolchilar bilan ishlash jarayonlari haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish masalalari muhokama qilindi.

Umid Ahmadjonov Ispaniya futboli bugungi kunda butun jahonda o‘z o‘rniga ega ekanligi, O‘zbekistonda ham Ispaniya futboli andozalari asosida ish olib borish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Shuningdek, “Real Madrid” akademiyasidan tashrif buyuradigan mutaxassislar uchun O‘FA tomonidan barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinishi, asosiy maqsad “Qirollik klubi” akademiyasi ish tajribasini o‘rganish, u yerda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yurtimizda futbolni rivojlantirish borasida tegishli maslahatlar olish ekani ta’kidlandi.

O‘z o‘rnida Andres Antonio O‘zbekistonga tashrif buyurganidan juda xursand ekanini, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda, bu yerda futbolning rivojiga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

Uchrashuv oxirida Andres Antonio Umid Ahmadjonovga o‘zaro hamkorlik belgisi sifatida “Real Madrid” klubi futbolkasini taqdim qildi. O‘z o‘rnida Umid Ahmadjonov ham Andres Antonio va Xuan Pabloga O‘FAning esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Ertaga ispaniyalik mutaxassislar “Bunyodkor” klubi stadioniga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishishadi. Shuningdek, soat 11:00da ular ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil qilinishi rejalashtirilgan.



arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real Madrid” vakillari Toshkentda (foto)