17:53 / 28.07.2018
2 683

Tahlil: Ronalduning transferidan kim yutdi?

Tahlil: Ronalduning transferidan kim yutdi?
Muxlislar endi yangi mavsumdan boshlab uning ishtirokidagi gollar shodasini har hafta ko‘rishi mumkin. Farqi bu safar besh karra “Oltin to‘p” sohibi “Yuventus” libosida bu gollarni uradi.
Garet Beyl Ispaniyadagi kelajagi haqida qarorsiz edi, biroq uning yulduz jamoadoshi klubni tark etgach, “Real”da qoladigandek ko‘rinmoqda. Quyida, nima uchun Krishtianu Ronalduning transferidan uelslik futbolchi yutgani haqida muhokama qilamiz.

“Real Madrid” 26-may kuni Kiyevda Chempionlar Ligasini yutganidan keyin Garet Beyl va Krishtianu Ronaldu ikkalovi klubni tark etishlari mumkinligiga sha’ma qilgan edi. Ronaldu o‘tgan mavsumni ancha muvaffaqiyatli o‘tkazgan bo‘lsa, Beyl yana qiyinchilik bilan mavsumni boshidan kechirdi.

Agarda kimdir “Santyago Bernabeu”ni tark etishi kerak bo‘lsa, Ronaldu emas, Beyl bo‘lishiga barchaning ishonchi komil edi. Ammo o‘shandan beri oradan ikki oy o‘tdi va Ronaldu “Yuventus”da javlon urishga tayyorlanmoqda. Uelslik vinger esa “Real”da oltinchi mavsumini o‘tkazishga shaylanmoqda.

“Men agentim bilan gaplashib olaman. Men ko‘proq o‘ynashga muhtojman. Bu yil menga berilgan o‘yin amaliyotidan mamnun emasman. Finalni asosiy tarkibdan boshlamaslik qoniqarsiz” – degan edi Chempionlar Ligasi finalidan keyin Beyl o‘z taassurotlarini o‘rtoqlasharkan.

Shunday bo‘lishi kerak edi. Biroq u zaxiradan maydonga tushib jamoasining 3-1 hisobida g‘alaba qozonishiga katta hissasini qo‘shdi. Keyinroq Kardiffda bergan intervyusida ham u o‘zini oqlashda davom etdi. “Oldin ham aytganimdek, o‘yinni ilk daqiqadan boshlamaslikdan jahlim chiqadi. Men ba’zi o‘yinlarga jalb qilinishim kerakligini bilardim.”

“Gol urish ajoyib bo‘ldi. Haqiqiy hissiyot. Men doim chalqancha uslubda gol urishni orzu qilardim. Mening joyim buni bajarishimga juda mos edi.”

O‘z navbatida eslatish joizki, portugaliyalik yulduz Chempionlar Ligasi chorak finalida yangi jamoasi “Yuventus”ga huddi shunaqa uslubda gol urib, italyan muxlislarning olqishiga sazovor bo‘lgan edi.

Bu muxlislar endi yangi mavsumdan boshlab uning ishtirokidagi gollar shodasini har hafta ko‘rishi mumkin. Farqi bu safar besh karra “Oltin to‘p” sohibi “Yuventus” libosida bu gollarni uradi. Iyul oyi boshida A Seriya chempioni 100 million yevro evaziga Ronalduni Italiya chempionatiga olib keldi.

Uning ketishi ortidan “qirollik klubi” Ronalduga munosib o‘rinbosar sifatida Neymar, Mbappe va Azarlarni nishonga olgan. Biroq ularning hech biri to‘qqiz mavsum davomida 438 o‘yinda 450 gol urgan portugaliyalik futbolchining o‘rnini to‘ldira olmaydi.

Bundan tashqari, “PSJ” dunyoning eng qimmat hujumchisini va yosh fransuzni ham qo‘yib yuborish niyatida emas. Shuningdek belgiyalik futbolchining ukasi ijtimoiy tarmoqlarda akasi “Real”ga o‘tmasligini aytganidan keyin “Chelsi” vakili ham Madridga ko‘chib o‘tishi qiyin. Boz ustiga “aristokratlar”ning yangi bosh murabbiyi Mauritsio Sarri klub yetakchisi “Stemford Bridj”da qolishiga umid qilmoqda.

Shu tariqa, “Real Madrid” Beylni ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Portugaliyalik yulduz klubda yo‘q va yangi mavsumda madridliklar o‘z rejalarini “Tottenxem”ning sobiq vakili atrofida qurishni niyat qilgan bo‘lsa ajab emas.

29 yoshni qarshi olgan Beyl klubdagi besh mavsumlik faoliyati davomida 189 o‘yinda ishtirok etib, 88 gol urishga erishgan. Bu vaqt ichida u to‘rt marta Chempionlar Ligasi sovrinini boshi uzra baland ko‘tardi.

U “Real”ga kelib qo‘shilganidan beri umumiy daqiqalarning 53 % da qatnasha olgan. Har bir goli uchun 159 daqiqa kerak bo‘lmoqda. O‘tgan mavsum kesimida esa bu 112 daqiqani tashkil qilgan.

Yana bir muhim jihatni nazardan qochirmaslik kerak. Bu vaqt oralig‘ida barcha jarima zarbalari, penaltilarni Ronaldu bajarardi. Ayniqsa so‘nggi mavsumlarda Ronaldu penaltilar bilan kun ko‘radigan futbolchiga aylanib qolayozdi. Beyl esa bu muddatda indamaygina unga yuklatilgan yaratuvchanlik vazifasini bajarib keldi.

Endi, Ronaldu “Santyago Bernabeu”ning o‘tmishdagi bir qismiga aylandi. O‘yin amaliyoti yetishmayotgan Beyl o‘zining yangi ko‘rinishiga o‘tishi mumkin. U Ronaldusiz hayotning mavhum bir sahifasini ochishga tayyorlanmoqda.
Erkinjon G‘aybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Tahlil: Ronalduning transferidan kim yutdi?