11:27 / 16.06.2019
2 983

Yozning amalga oshib bo‘lgan 10 ta eng yirik transferi (foto)

Yozning amalga oshib bo‘lgan 10 ta eng yirik transferi (foto)
Yozgi transferlar darchasi doirasida muzokaralar davom etmoqda. Ayrim klublar o‘zining asosiy xaridlarini amalga oshirib bo‘lishdi, ayrimlari esa hali to‘xtamoqchi emas, bu yozda ayniqsa «Real» faollik ko‘rsatmoqda. Quyida yozgi transferlar doirasida amalga oshirilgan eng qimmat 10 transfer keltiriladi.

10. Karim Demirbay
«Hoffenhaym»dan «Bayer»ga 32 mln yevro evaziga


Foto: bayer04.de
Demirbay 3 yil davomida «Hoffenhaym»ga sadoqat bilan xizmat qilib, bu jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi. U o‘zining o‘yinni tashkil qilish funksiyalari va universalligi bilan qadr topdi: u himoya hududida to‘pni egallab, hujumga borishi mumkin – u maydonning har bir joyida foydali, istalgan nuqtadan turib ajoyib kesik paslar bera oladi. «Bayer» bunday dispetcherga ega bo‘lish uchun futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 32 mln yevro miqdoridagi badal pulini to‘lashga qizg‘anchiqlik qilmadi. Endi jamoada «Borussiya»ga o‘tib ketishi kutilayotgan Brandtga munosib o‘rinbosar bor.

9. Benjamen Pavar
«Shtutgart»dan — «Bavariya»ga 35 mln yevro evaziga

Ochig‘ini aytish kerak, Pavar o‘tgan yiliyoq, jahon chempionatidagi o‘yinlaridan keyin qaysidir grand klubda paydo bo‘lmagani hayron qoldiradi. Uning ayniqsa Argentina terma jamoasiga urgan goli turnirning eng chiroyli goli sifatida tan olingani bu yosh fransuzning darajasidan guvohlik beradi.

«Bavariya» Pavarni qishdayoq tarkibga qo‘shib olish uchun «Shtutgart»ga qo‘shimcha 10 million yevro taklif qilgandi, ammo ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan klub istalgan pozitsiyada o‘ynay oladigan himoyachisi bilan xayrlashishga shoshilmadi.

«Bavariya» meni Argentinaga urgan golim uchun emas, Bundesligadagi eng yaxshi himoyachilardan biri bo‘lganim uchun sotib oldi. Men himoyada yaxshi harakatlanaman, qolaversa texnikam ham yomonmas», — dedi Benjamen shartnoma imzolaganidan keyin.

Endi u yangi jamoasida faoliyatidagi yangi cho‘qqilarni zabt etishga harakat qiladi va Kimmix bilan raqobatlashadi. Murabbiy germaniyalik himoyachini tayanch zonasiga o‘tkazish orqali muammoni hal etishi ham mumkin.

8. Raul Ximenes
«Benfika»dan «Vulverhempton»ga 38 mln yevro evaziga


Foto: Michael Regan/Getty Images
«Bo‘rilar» o‘tgan yil yozida meksikalik hujumchini «Benfika»dan ijaraga olgandi. Bu kelishuv juda muvaffaqiyatli chiqdi: Angliyada Ximenes Portugaliyadagidan ko‘ra samaraliroq harakat qildi va 20 ball to‘pladi (13 gol va 7 pas), chempionshipdan chiqqan jamoa esa sensatsion ravishda yettinchi o‘rinni egalladi va Yevropa Ligasi saralashida qatnashadigan bo‘ldi. O‘z-o‘zidan, klub forvardni transfer qilishga qaror qildi. 38 million yevro – «Vulverhempton» uchun rekord.

7. Rodrigo
«Santos»dan «Real»ga 45 mln yevro evaziga

Rodrigoning transferi – «Real»ning kelajak uchun katta investitsiyasidir. 18 yoshida bu futbolchi «Santos» uchun barcha turnirlar doirasida 80ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi (shundan 41tasi – Braziliya A seriyasida) va 17 gol urdi. Maydonda Rodrigo barcha ishni qiladi: tezlik olib yuguradi, joyini almashtirib harakat qiladi, bir guruh himoyachilar orasidan yorib o‘tib raqib jarima maydoniga kiradi, ikki oyog‘ida ham zarba beradi, hal qiluvchi yashirin paslar beradi. Madridda u boshqa bir braziliyalik Vinisius Juniordan o‘rnak olgan holda o‘zini darhol ko‘rsatishga shoshilmasligi ham mumkin.

6. Ferlan Mendi
«Lion»dan «Real»ga 48 mln yevro evaziga

Mendi yuqori darajada faqat ikki mavsum o‘ynadi (2017/18 yilgi mavsumgacha u Fransiyaning ikkinchi ligasida harakat qilardi), ammo bu «Real»ning e’tiborini jalb etish uchun yetarli bo‘ldi. Himoyachiga Madriddan tashqari «Barselona» ham qiziqib ko‘rdi, ammo Ferlanning o‘zi ko‘k-anorranglilarni emas, «qaymoqranglilar»ni tanladi. Endi «Qirollik klubi»ning chap qanotida jiddiy raqobat kuzatiladi – Mendi Marseloga qarshi. Bu qanotda o‘tgan mavsumda o‘zini ko‘rsatgan Markos Lorente esa 40 million yevro evaziga Madridning boshqa bir klubi «Atletiko»ga o‘tishi kutilmoqda.

5. Eder Militao
«Portu»dan «Real»ga 50 mln yevro evaziga

«Real» futbolchilari ro‘yxatning deyarli yarmini tashkil etmoqda, chunki «Qirollik klubi» xarobalar orasidan bosh ko‘tarib turishga qaror qildi va transferlar bozorida qimirlagan jonni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda - jamoa shu vaqtga qadar 305 million yevro sarflab bo‘ldi va bu rekord natijadir. Eder Militaoning xaridi Zidan jamoaga qaytganidan keyin amalga oshirilgan ilk xarid bo‘lgandi, bu braziliyalik futbolchi transferi mart oyidayoq e’lon qilingandi.

21 yoshli futbolchi himoya markazida ham, o‘ng qanotda ham o‘ynay oladi. «Real» esa ko‘p ehtimol bilan uni qanotda o‘ynatmoqchi, bugungi kunda Karvaxal va Odriosola – o‘z pozitsiyasidagi eng kuchli futbolchilar sanalishmaydi. Bir yil oldin «Portu» Militaoni «San-Paulu»dan 7 million yevro evaziga sotib olgandi va endi 50 million yevroga pulladi.

4. Luka Yovich
«Ayntraxt»dan «Real»ga 60 mln yevro evaziga


Foto: realmadrid.com
Odatda «Benfika» futbolchilarining istiqbollarini to‘g‘ri chamalay olar va ularni yaxshi narxda pullardi. Ammo Yovich bilan bog‘liq vaziyatda ularning omadi kelmadi, deyish mumkin. Portugallar Yovichni 2016/17 yilgi mavsumdan keyin «Ayntraxt»ga ijaraga berib yuborishganida kelishuvda nemislar futbolchini keyinchalik besh million yevroga transfer qilish huquqini qo‘lga kiritishgandi. Luka Germaniyada porladi va o‘zini haqiqiy bombardir sifatida namoyon etdi. Yakunlangan chempionatdagi «17+5» natijasidan keyin unga qator top-klublar talabgor bo‘lib chiqdi.

May oyida «Ayntraxt» «Benfika»ga besh million yevro o‘tkazib berdi va futbolchining transfer huquqini o‘ziniki qildi. Iyunda esa «Real»dan 60 million yevro oldi. Buni biznes desa bo‘ladi.

3. Frenki de Yong
«Ayaks»dan «Barselona»ga 75 mln yevro evaziga


Foto: fcbarcelona.com
Chempionlar Ligasi finali ostonasiga kelgan «Ayaks»
yakunlangan mavsumda Yevropada eng chiroyli o‘yin ko‘rsatgan jamoa bo‘ldi, ammo buning evaziga asosiy yulduzlarini yo‘qotmoqda. Jamoaning eng yaxshi markaziy yarimhimoyachisi Frenki de Yongning transferi qishdayoq ma’lum bo‘lib ulgurgan, ammo u faqat 1 iyul kuni rasman «Barselona» futbolchisi sifatida tanishtiriladi. Endi Frenki jamoadoshi va o‘rtog‘i – de Ligtni ham kataloniyaliklar safiga o‘tishga ko‘ndirishi kerak bo‘ladi. Ko‘p ehtimol bilan, biz yana «gollandcha» «Barselona»ga guvoh bo‘lamiz.

2. Lukas Ernandes
«Atletiko»dan «Bavariya»ga 80 mln yevro evaziga

Fransiyalik universal himoyachining transferi butun Germaniyani taajjubga soldi, axir «Bavariya» o‘z pullarini hech qachon bunday aqlsizlik bilan sarflamagan. Ammo bu safar myunxenliklar rahbariyati yosh futbolchining istiqboliga ishonch bildirishdi. Lukas Ernandes «Atletiko» va Fransiya terma jamoasining muhim qismi hisoblanardi, u chap qanotda ham, mudofaa markazida ham ishonchli o‘ynay oladi. Ammo albatta 80 million yevro – baribir juda ko‘p. Shu bilan birga, myunxenliklar tarkibida endi jahon chempionlari bo‘lgan ikki nafar himoyachi bor.

1. Eden Azar
«Chelsi»dan «Real»ga 100+ mln yevro


Foto: realmadrid.com
Endi Azar «Qirollik klubi» yetakchisi bo‘ladi, «Chelsi» esa uning transferidan oladigan pullar miqdori 130 million yevrogacha yetishi mumkin. Ammo biz bu yozda hali bundanda yirik transferlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Hali Pogbaning taqdiri hal bo‘lmadi, Neymar esa Parijdan qochib qolishni mo‘ljallab yuribdi, Antuan Grizmann masalasi ochiq turibdi. Umuman, zamonaviy Yevropa futbolida pullar bearmon sarflanmoqda. Shunday ekan, rekordlar yangilanishiga tayyor turish kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yozning amalga oshib bo‘lgan 10 ta eng yirik transferi (foto)