20:38 / 07.12.2020
2 908

Zinedin Zidan «Real»dan ketadimi?

Zinedin Zidan «Real»dan ketadimi?
XX asrning eng yaxshi jamoasi deya tan olingan Madridning «Real» klubi muxlislari har mavsum futbolchilardan faqat sovrinlarni talab qiladi. Klub natijalari pasaya boshlagach, birinchi navbatda, murabbiylar ishdan ketishiga hamma o‘rganib qolgan «Qaymoqranglilar»ning oxirgi uchrashuvlardagi mag‘lubiyatlari sabab jamoa murabbiyining kursisi qimirlab qoldi. Xo‘sh, fransuz mutaxassisi rostdan ham Madridni tark etadimi?

«Qirollik klubi» Ispaniya La Ligasida bo‘lib o‘tgan 10 uchrashuvda jamg‘arish mumkin bo‘lgan 30 ochkodan 17 tasini qo‘lga kiritdi. Dastlabki 10 turda 3 bora mag‘lubiyatni qabul qilib olgani muxlislar g‘azabini qo‘zg‘adi. Chempionlar Ligasidagi holat ham achinarli. Jamoa Yevropa Ligasiga ravona bo‘ladigan. So‘nggi 6-turda jamoa Myunxengladbaxning «Borussiya»sidan ochko ola bilmasa, Chempionlar Ligasini tark etadi. Ushbu vaziyatlar hisobga olingan holda, Zidanning jamoa boshqaruvidagi imkoniyatlarini birgalikda tahlil qilamiz.

Jarohatlar
Jamoaga jarohatlar o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani aniq sezildi. Birgina Ramosning yo‘qligi futbolchilar ruhiyatini tushirib yubordi. Serxio terma jamoa o‘yinlarida jarohat olgan va tez orada safga qaytadi.
Madridliklar safida 2 nafar o‘ng qanot himoyachisi bor. Ammo Zidan baxtiga qarshi ikkisi ham jarohatda. Asosiy o‘ng qanot himoyachisi Dani Karvaxal 28 noyabrdan beri maydonga tushgani yo‘q va 11 dekabrda qaytishi kutilmoqda. Uning o‘rinbosari Alvaro Odriosola oktyabrning 3-kuni safdan chiqqan va qachon qaytishi so‘roq ostida.

O‘tgan mavsum kashfiyoti Fede Valverdening jamoada yo‘qligi natijalar yomonligidan ham ma’lum.

Har holda, «qaymoqranglilar» Fede maydonga tushgan o‘yinlarda hali mag‘lub bo‘lmagan. Valverde 11 dekabr kuni safga qaytgach, jamoa natijalari ham yaxshilanib qolar, balki.

Va nihoyat, asosiy futbolchi, jamoa safiga kelib qo‘shilgandan buyon 8-marotaba jarohat olgan Eden Azar! Azar maydonda bo‘lganida jamoa o‘yini tubdan o‘zgarishini bir necha bahsda ko‘rdik. Belgiyalik vinger o‘z nomini tabloga ham yozdirib qo‘ydi, ammo yana jarohat. Ayrim xorij nashrlari Eden uchun 2020 yil yakunlangan, deya ma’lumot bermoqda. Lekin Azar tez orada safga qaytadi, deya ta’kidlayotgan nashrlar ham ma’lumotlari rost ekanligini isbotlashga urunmoqda.

Jamoa ichidagi muhit
Zidan «Real» afsonasi. U ilk bora jamoa boshqaruvini qo‘lga olgach, eng birinchi qilgan ishi ichki muhitda nazorat o‘rnatgani edi. Ammo hozir ham jamoada shunday muhit bormi?

Menimcha, yo‘q. Buni birgina misol isbotlab berishi mumkin. 28 sentyabr kuni «Borussiya Myunxengladbax» jamoasi «Real»ni qabul qildi. Tanaffus vaqtida Karim Benzema vatandoshi Ferlan Mendiga chap qanotda maydonda harakat qilayotgan vinger Vini Juniorga pas bermaslikni so‘ragan. Buning sababi deya Junior o‘yin davomida ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yayotgani qayd etilgandi. Garchi Karim Vinidan uzr so‘ragani va kelishib olishgani haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, ushbu holatning o‘ziyoq Zinedin boshqaruvni qo‘ldan boy berayotganiga signal bo‘lgan.

Zidan ketgach, kim keladi?
Ayrim nashrlarning ma’lum qilishicha, Florentino Peres Zinedin Zidanga ultimatum belgilagan. Agar «Real» «Sevilya» va «Borussiya Myonxengladbax» jamoalarini mag‘lub eta olmasa, jamoa boshqaruvidan ketadi.

Ushbu manbalarga tayanib, «El Mundo» nashri Zidan o‘rniga jamoa murabbiyligiga asosiy nomzod sifatida Maurisio Pochettino va Raul Gonsalesni ko‘rsatmoqda. «Marca» nashri obunachilarining yarmi jamoa boshqaruviga Pochettino kelgani yaxshi, deya fikr bildirgan. Mushtariylarning 17 foizi Raul kelishi tarafdori va qolgani Zidan haydalmasligini istamoqda.

Zidan ketishi muammolar yechimi bo‘ladimi?
Zinedin Zidan jamoaga qanday qaytarilgani esingizdami? 2019 yilning mart oyi. Jamoa chempionatda «Barselona»dan 12 ochko ortda bormoqda va Chempionlar Ligasi pley-offida «Ayaks» jamoasiga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkichlardan so‘ng, muxlislar nafratini bostirishni istagan Peres olam-olam va’dalar bilan Solari o‘rniga sobiq murabbiy Zinedinni qayta jamoa murabbiyligiga olib kelgandi.

Zidan murabbiylikka qaytgach, jamoa prezidentiga qo‘ygan bir necha talablari ma’lum bo‘ldi. Masalan, transferlar uchun 300 million yevro ajratilishi va Mbappe, Azar, Eriksen, Kante kabi futbolchilar xaridini istagan fransuz amalda Azar, Rodrigo, Mendi, Militao hamda Yovich bilan cheklangan. Ushbu tranferlardan Mendi o‘zini oqladi va Marselodan asosiy tarkibni tortib oldi. Qolgan futbolchilarda o‘zini ko‘rsatishga hamon vaqt bor, Rodrigoga ko‘proq imkon berilsa, porlashi mumkin. Azarning holati barchaga ma’lum, shifoxonadagi o‘rnini sovutayotgani yo‘q. Mazkur xaridlarning bari 2019 yil yozda amalga oshirilgan. Madridliklar 2020 yil yozda transfer bozorini faqat kuzatdi, biror futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmadi.

Agarda Peres Zidanni haydasa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi. Sababi, jamoadan ketgan Ronaldu o‘rniga munosib o‘rinbosar olib kelinmaguncha murabbiydan natija so‘rash befoyda. Aslida, muxlislar va Florentino fransiyalik mutaxassis 2019/20 yilgi mavsumda La Liga chempionligini qo‘lga kiritgani uchun mamnun bo‘lishi kerak. 2020/21 yilgi mavsumni transfersiz boshlagan Zidan Mbappeni bir mavsum kutishga majbur bo‘ldi. Yana bir mavsum qurbon qilinsa, Zinedin jamoasi o‘z rejalarining asosiy figurasi Kilian bilan oldingi darajasiga qaytib olishi hech gap emas.

Voqealar rivoji qanday bo‘ladi, bizga mavhum. Barcha savollarga javoblarni 10 dekabrdan keyin olamiz, degan umiddamiz. Aslida, ishsiz Pochettinoni top-jamoada va «Kastilya» bilan Yevropani zabt etgan afsona Raulni murabbiy sifatida ko‘rish juda qiziqarli. Ammo o‘zi istagandek «Real»da ishlayotgan Zidanni kuzatish zavqliroqdek…

Abdulla Mannonov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Zinedin Zidan «Real»dan ketadimi?