OpenAI sunʻiy intellekti Paul Erdősning 80 yillik gipotezasini parchalab tashladi

OpenAI kompaniyasining sunʻiy intellekt modeli dunyoning eng buyuk olimlari oʻn yilliklar davomida yecholmagan mashhur matematik gipotezani rad etdi. Noga Alon boshchiligidagi mualliflar jamoasining ushbu ishi ilmiy hamjamiyatni hayratda qoldirdi. Kembrij universiteti professori Tim Gowers ushbu voqeani kompyuter matematikasi tarixidagi burilish nuqtasi deb atadi va agar ushbu ish insonlar tomonidan yozilganida, u Annals of Mathematics kabi nufuzli jurnalda hech qanday ikkilanishsiz chop etilgan boʻlishini taʻkidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Gap tekislikdagi birlik masofalar muammosi (planar unit distance problem) haqida bormoqda. XX asrning buyuk matematigi Paul Erdős ushbu masalani geometriyaga qoʻshgan eng yorqin hissasi deb hisoblagan. Masalaning mohiyati shundaki, cheksiz qogʻoz varagʻiga ixtiyoriy nuqtalar qoʻyilganda, ular orasida bir xil uzunlikdagi maksimal nechta kesma oʻtkazish mumkin? Erdős eng maqbul yechim kvadrat panjara shaklida boʻladi va kesmalar soni nuqtalar sonidan birozgina koʻp boʻladi deb taxmin qilgan edi.
Biroq OpenAI neyrotarmogʻi buyuk matematikning xato qilganini isbotladi: nuqtalarni kamroq simmetrik boʻlgan murakkab naqshlarda joylashtirish orqali bir xil masofadagi bogʻlanishlar sonini bir necha barobar oshirish mumkinligi maʻlum boʻldi. Algoritm ushbu yechim uchun algebraik sonlar nazariyasidan foydalandi. Sunʻiy intellekt koʻp oʻlchovli fazolarda ulkan panjaralar qurib, soʻngra ularni ikki oʻlchovli tekislikka proyeksiyaladi.
Manchester universiteti olimi Samuel Mansfieldning soʻzlariga koʻra, insonlar bu yechimga kela olmaganining sababi — geometrlarning odatda sonlar nazariyasi boʻyicha chuqur bilimga ega emasligidir. Sunʻiy intellekt esa turli fan sohalarini sintez qilishda oʻzining ustunligini koʻrsatdi. Bristol universiteti professori Misha Rudnev bu kashfiyotni "mutloq bomba" deb atadi.
Garchi Erdősning ushbu masalasi fundamental nazariya hisoblansa-da, uning yechimi Big Data, kristallografiya va murakkab tarmoq tuzilmalari bilan ishlashda yangi vositalarni taqdim etadi. OpenAI hozircha modelning arxitekturasini oshkor qilmagan boʻlsa-da, bu umumiy maqsadli sunʻiy intellekt (AGI) sari tashlangan muhim qadam ekanini taʻkidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!