Rivian R1 modellarining orqa podveskasidagi nosozliklar tekshirilmoqda

AQSH Milliy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) Rivian kompaniyasining oʻz elektromobillaridagi orqa podveska qismlariga xizmat koʻrsatish jarayonini tekshirishni boshladi. Ushbu surishtiruv ikki nafar haydovchining harakat vaqtida boshqaruvni yoʻqotgani haqidagi shikoyatlaridan soʻng eʻlon qilindi. Maʻlum boʻlishicha, har ikkala holatda ham avtomobillar avvalroq servis xizmatidan oʻtgan, ulardan biri esa taʻmirlashdan oldin toʻqnashuvga uchragan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
NHTSA qoshidagi Nuqsonlarni oʻrganish boshqarmasi (ODI) maʻlumotlariga koʻra, Rivian 2025-yil mart oyida orqa gʻildirakning toʻgʻri turishini taʻminlovchi muhim qism — "toe link" (yoʻnaltiruvchi tortqi) xizmat koʻrsatish jarayonlariga oʻta sezgirligini aniqlagan. Shundan soʻng kompaniya ushbu qismni taʻmirlash boʻyicha yoʻriqnomalarini yangilagan. Hozirda mutaxassislar ushbu nosozlikning sabablarini va 2023-2024 yillarda ishlab chiqarilgan 115 000 ga yaqin R1 modellarining holatini oʻrganmoqda.
Shikoyat qilgan haydovchilardan biri yuqori tezlikda harakatlanayotganda boshqaruvni yoʻqotib, boshqa mashina va toʻsiqqa urilganini bildirgan. Ikkinchi holatda esa R1S egasi chap orqa tortqi sinib ketishi oqibatida avtomobil yoʻlaklar va velosiped yoʻllari boʻylab nazoratsiz harakatlanganini aytgan. Rivian vakillari TechCrunch nashriga bergan bayonotida xavfsizlik ustuvor vazifa ekanini va maʻlumotlar ushbu qismlar kutilganidek ishlayotganini koʻrsatayotganini taʻkidladi.
Ushbu tekshiruv Rivian uchun noqulay vaqtga toʻgʻri keldi, chunki kompaniya yaqin kunlarda oʻzining yangi va ommabop boʻlishi kutilayotgan R2 SUV modelini yetkazib berishni boshlashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kompaniya 2027-yil oxirigacha servis markazlari sonini 150 tadan oshirishni maqsad qilgan. Rivian yangi R2 modelining sodda dizayni kelgusida texnik xizmat koʻrsatishdagi murakkabliklarni kamaytirishiga ishonch bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!