Snap sobiq xodimlari Ghost Angels venchur fondini ishga tushirdi

Snap kompaniyasining 20 nafarga yaqin sobiq xodimlari ijtimoiy tarmoqlarning yangi avlodini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ghost Angels deb nomlangan investitsiya fondini tashkil etishdi. Fond hozircha jalb qilingan mablagʻ miqdorini ochiqlamadi, biroq allaqachon beshta kompaniyaga sarmoya kiritgani va kelgusi yil davomida yana kamida 15 ta loyihani moliyalashtirishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Fondga 2025-yilda Snap kompaniyasining global hamkorlik boʻlimi sobiq rahbari Max Rivera asos soldi. Hozirda Microsoft AI laboratoriyasida faoliyat yuritayotgan Rivera ushbu loyiha orqali Snap bitiruvchilari orasidagi farishta-investorlar hamjamiyatini rasmiylashtirishni maqsad qilgan. Fond tarkibida Snap korporativ akseleratori rahbari Alexandra Levitt va mahsulot dizayni jamoasi asoschilaridan biri Will Wu kabi tajribali mutaxassislar bor.
Ghost Angels asosan ijtimoiy media va isteʼmol bozorida AI texnologiyalarini joriy etayotgan pre-seed va seed bosqichidagi startaplarga eʼtibor qaratadi. Max Rivera TechCrunch nashriga bergan intervyusida bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar tushunchasi oʻzgarayotganini, foydalanuvchilar reklama va algoritmlarga asoslangan platformalardan koʻra, haqiqiy insoniy muloqotni taʼminlovchi loyihalarni afzal koʻrayotganini taʼkidladi.
Riveraning soʻzlariga koʻra, yangi avlod startaplari faqat reklama orqali daromad olishdan voz kechib, obuna, tokenlar va natijaga asoslangan monetizatsiya modellariga oʻtmoqda. Fond musiqa, geyming, sport va moda kabi sohalarda kontent yaratish hamda tarqatish toʻsiqlarini kamaytiradigan AI-native formatlarni qoʻllab-quvvatlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!