Microsoft OpenClaw asosidagi yangi Scout sunʼiy intellekt yordamchisining taqdim etdi

2026-yilning ilk haftalarida OpenClaw loyihasi texnologiya olamida katta shov-shuvga sabab boʻlib, koʻplab mutaxassislarni cheklanmagan AI-agentlar imkoniyatlari bilan tanishtirgan edi. OpenAI ushbu loyiha asoschisini oʻz jamoasiga qoʻshib olganidan soʻng loyiha surʼati pasaygan boʻlsa-da, uning taʼsiri saqlanib qoldi. Bugun Microsoft kompaniyasi OpenClaw quvvati va moslashuvchanligini Microsoft 365 tizimiga olib kiruvchi yangi Scout yordamchisini ishga tushirganini eʼlon qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
OpenClaw freymvorki asosida yaratilgan Scout — bu foydalanuvchi bilan doimiy muloqotda boʻladigan, oʻziga xos shaxsiyat va uslubga ega agentik yordamchidir. Foydalanuvchilar oʻz Scout nusxasiga istalgan nomni berishlari (masalan, Sebastian) va avtomatlashtirilishi kerak boʻlgan vazifalar boʻyicha unga doimiy koʻrsatmalar berib borishlari mumkin. Microsoft vitse-prezidenti Omar Shahineʼning soʻzlariga koʻra, asosiy maqsad foydalanuvchining ehtiyojlariga faol moslashadigan yordamchi yaratishdir.
Scout hozircha Microsoft Frontier dasturi orqali taqdim etilmoqda va undan foydalanish uchun GitHub Copilot obunasi talab etiladi. Tizim bulutli texnologiyalarga asoslangan boʻlsa-da, u ish stoli va brauzerlarda ham ishlaydi. Bu esa uni elektron pochta, kalendar va boshqa tizimlarga oson ulash imkonini beradi. Scout kalendarni boshqarish va majlislar kun tartibini tuzish kabi tayyor koʻnikmalar bilan taʼminlangan.
Xavfsizlik masalalariga kelsak, Microsoft nazoratsiz agentlar bilan bogʻliq xavotirlarni bartaraf etish uchun maxsus himoya tizimini joriy qildi. Scout tarkibida oʻrnatilgan "siyosatga muvofiqlik tizimi" (policy conformance system) mavjud boʻlib, u yordamchining koʻrsatmalarga muvofiq ishlayotganini doimiy tekshirib boradi. Har bir tekshiruv natijasi boʻyicha alohida audit hisoboti shakllantiriladi.
Ushbu yangilik Microsoft Build konferensiyasi doirasida taqdim etilgan bir qator mahsulotlarning bir qismidir. Kompaniya, shuningdek, apparat taʼminotiga yoʻnaltirilgan Project Solara, Copilot yangilanishi va yangi mantiqiy fikrlovchi AI modelini ham namoyish etdi. Scout yordamchisi foydalanuvchilarning ish uslubini oʻrganib, vaqt oʻtishi bilan yanada aqlli va mustaqil agentga aylanib boradi.





























Izohlar 0
…