Tramp maʻmuriyati OpenAI kompaniyasining aksiyadoriga aylanishi mumkin

AQSH Prezidenti Donald Trump juma kuni sunʻiy intellekt (AI) kompaniyalari bilan "Amerika xalqi AI muvaffaqiyatidan foyda koʻrishi mumkin boʻlgan" bitimlar tuzish boʻyicha muzokaralar olib borayotganini maʻlum qildi. Garchi Trump aniq kompaniya nomlarini keltirmagan boʻlsa-da, CNBC nashri Tramp maʻmuriyati OpenAI bilan davlat ulushi masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar berdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Maʻlumotlarga koʻra, ushbu ulush OpenAI tomonidan taklif etilgan "Public Wealth Fund" (Ijtimoiy boylik jamgʻarmasi)ni shakllantirish uchun ishlatilishi mumkin. Kompaniya rejasiga koʻra, jamgʻarma tushumlari toʻgʻridan-toʻgʻri fuqarolarga taqsimlanadi, bu esa odamlarga oʻzlarining boshlangʻich kapitalidan qatʻi nazar, AI oʻsishidan foyda olish imkonini beradi. Bloomberg nashrining yozishicha, Trump bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlab, Amerika xalqi kompaniyalarning hamkoriga aylanishi kerakligini taʻkidlagan.
OpenAI bosh direktori Sam Altman 2025-yil boshidan beri yirik AI kompaniyalarida davlat ulushi boʻlishi gʻoyasini muhokama qilib kelmoqda. Bu Trumpning foyda keltiruvchi kompaniyalarda davlat egaligiga boʻlgan qiziqishiga mos keladi. Masalan, oʻtgan yili AQSH hukumati qiyin ahvolga tushib qolgan Intel chipmeykerining 10 foiz ulushini sotib olgan edi.
Ushbu gʻoya siyosiy doiralarning har ikki tomonida ham qiziqish uygʻotmoqda. Senator Bernie Sanders OpenAI, Anthropic va xAI (SpaceX tarkibiga kiruvchi) kabi kompaniyalar uchun 50 foizlik bir martalik soliq joriy etishni taklif qildi. Sandersning fikricha, bu soliq aksiyalar koʻrinishida toʻlanishi va AI orqali keladigan trillionlab dollarlarning barcha uchun xizmat qilishini taʻminlashi kerak.
Biroq, bu tashabbus tanqidlardan ham xoli emas. Trumpning AI va kriptovalyutalar boʻyicha sobiq maslahatchisi David Sacks bu gʻoya korporatsiya va hukumatning haddan tashqari birlashib ketishiga olib kelishidan ogohlantirdi. Microsoft sobiq xodimi Dare Obasanjo esa ijtimoiy tarmoqlarda bu harakatlar OpenAI kompaniyasini hukumat tomonidan qutqarib qolish (bailout) uchun zamin tayyorlayotganini taxmin qildi.





























Izohlar 0
…