Samsung Galaxy S23 foydalanuvchilari One UI 8.5 yangilanishidan soʻng muammoga duch kelmoqda

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan soʻnggi One UI 8.5 dasturiy taʼminot yangilanishi Galaxy S23 turkumidagi smartfon egalari uchun kutilmagan koʻngilsizliklarni keltirib chiqardi. Yangi funksiyalar va tizim optimallashuvi oʻrniga, koʻplab foydalanuvchilar oʻz qurilmalari ekranida texnik nuqsonlar paydo boʻlganidan shikoyat qilmoqdalar. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Taniqli insayder Abhishek Yadav bergan maʼlumotlarga koʻra, yangilanishni oʻrnatgan foydalanuvchilar displeyda vertikal yashil va pushti chiziqlar paydo boʻlayotganini qayd etishgan. Ushbu muammo Samsung flagmanlari uchun begona emas, biroq aynan dasturiy yangilanishdan soʻng ommaviy tus olgani jamoatchilikda xavotir uygʻotmoqda.
Ekran almashtirish xarajatlari va servis xizmati
Hozircha mazkur muammo barcha qurilmalarda ham kuzatilayotgani yoʻq, biroq nuqson paydo boʻlgan smartfonlarni taʼmirlash ancha qimmatga tushishi mumkin. Maʼlumotlarga koʻra, kafolat muddati tugagan qurilmalar uchun servis markazlari ekranni almashtirish evaziga taxminan 205 AQSH dollari miqdorida mablagʻ talab qilmoqda.ixbt.com nashrining yozishicha, ayrim foydalanuvchilar hatto One UI 8.5 oʻrnatilishidan oldin ham shunday chiziqlar paydo boʻlganini taʼkidlashgan. Bu esa muammo faqat dasturiy taʼminotda emas, balki apparat qismining yangi tizim yuklamasiga bardosh bera olmayotganida boʻlishi mumkinligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, yangilanishni oʻrnatgan bir guruh foydalanuvchilar smartfonning avtonom ishlash vaqti sezilarli darajada qisqarganini, yaʼni batareya quvvati tezroq sarf boʻlayotganini maʼlum qilishgan. Bu kabi holatlar odatda tizimning yangi versiyasidagi kichik xatoliklar tufayli yuzaga keladi va keyingi tuzatishlar bilan bartaraf etilishi kutiladi.
Ekspertlar tavsiyasi
Mutaxassislar hozircha Galaxy S23, Galaxy S23+ va Galaxy S23 Ultra modellaridan foydalanuvchilarga yangilanishni oʻrnatishda shoshilmaslikni maslahat bermoqda. Agar smartfoningiz hozirda benuqson ishlayotgan boʻlsa, kompaniya rasmiy munosabat bildirguniga qadar kutgan maʼqul.Eslatib oʻtamiz, Abhishek Yadav avval ham Xiaomi Mi 10T turkumidagi smartfonlar haqida aniq maʼlumotlarni taqdim etib, oʻz ishonchliligini isbotlagan edi. Samsung hozircha ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot bergani yoʻq, biroq foydalanuvchilarning eʼtirozlari koʻpayishi kompaniyani bepul taʼmirlash dasturini ishga tushirishga majbur qilishi mumkin.






























Izohlar 0
…