NASA Marsni tadqiq qilish uchun Erik Shmidtning Relativity Space kompaniyasini tanladi

AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) Qizil sayyorani oʻrganish boʻyicha yangi missiya uchun kutilmagan hamkorni tanladi. Google korporatsiyasining sobiq rahbari Erik Shmidtga tegishli boʻlgan Relativity Space kompaniyasi NASA bilan shartnoma imzoladi. Ushbu kelishuvga koʻra, xususiy kompaniya Mars atmosferasini oʻrganuvchi ilmiy asboblar majmuasini koinotga olib chiqishi va sayyora orbitasiga yetkazishi lozim. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Aeolus deb nomlangan ushbu missiya doirasida Mars orbitasiga toʻrtta maxsus qurilma yuboriladi. Ular sayyoradagi chang boʻronlari, shamol tezligi va harorat oʻzgarishlarini har kuni global miqyosda kuzatib boradi. TechCrunch nashri xabariga koʻra, ushbu maʼlumotlar kelajakda Mars yuzasiga qoʻnadigan apparatlar va hatto fazogirlar uchun xavfsiz sharoit yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
SpaceX bilan raqobat va yangi model
Mazkur loyiha NASAning xususiy sektor bilan hamkorlik qilish strategiyasining bir qismidir. Avvalroq agentlik SpaceX bilan Xalqaro koinot stansiyasiga yuk tashish boʻyicha, Firefly Aerospace bilan esa Oyga qoʻnish qurilmasini yasash boʻyicha shunga oʻxshash shartnomalar tuzgan edi. Bunday modelda davlat agentligi ilmiy qismga masʼul boʻladi, xususiy kompaniya esa past xarajatli infratuzilmani taʼminlaydi.Relativity Space uchun bu juda katta imkoniyat va ayni paytda jiddiy sinovdir. Kompaniya 2028-yilgacha nafaqat Aeolus asboblarini tashuvchi koinot kemasini loyihalashi, balki uni fazoga olib chiquvchi yangi raketani ham qurib bitkazishi kerak. NASA rahbari Jared Isaacman ushbu hamkorlik tadqiqotlar tezligini oshirishini va xarajatlarni kamaytirishini taʼkidlagan boʻlsa-da, loyiha moliyaviy qiymati hozircha ochiqlanmagan.
3D bosma texnologiyasi va tavakkalchilik
Relativity Space 2015-yilda SpaceX va Blue Origin sobiq muhandislari tomonidan tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy ustunligi raketalarni 3D bosib chiqarish texnologiyasi orqali arzonroq va tezroq ishlab chiqarishga urinishidir. Biroq kompaniyaning birinchi Terran-1 raketasi 2023-yilgi sinov parvozi paytida muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. Shundan soʻng Erik Shmidt kompaniyaning nazorat paketini sotib olib, unga rahbarlik qila boshladi.Ekspertlarning fikricha, NASA ushbu hamkorlik orqali maʼlum darajada tavakkal qilmoqda. Relativity hali oʻzining Terran R raketasini muvaffaqiyatli uchirib, orbitaga chiqa olishini isbotlagani yoʻq. Koinot sanoati tarixida NASA bilan ishlagan ayrim startaplar bankrotlikka uchragani yoki ularning apparatlari Oy yuzasiga notoʻgʻri qoʻngani kabi holatlar kuzatilgan.
Shunga qaramay, Erik Shmidtning moliyaviy quvvati va texnologik ambitsiyalari kompaniyani SpaceX uchun munosib raqibga aylantirishi mumkin. Agar 2028-yilgi missiya muvaffaqiyatli amalga oshsa, Relativity Space nafaqat ilmiy maʼlumotlar toʻplashda, balki koinotda tijoriy maʼlumotlar markazlarini tashkil etishda ham yetakchiga aylanishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…