22:22 / 28.03.2024
151

Nima uchun olimlar ayollarga vaqti-vaqti bilan yig‘lab turishni tavsiya qiladi?

Nima uchun olimlar ayollarga vaqti-vaqti bilan yig‘lab turishni tavsiya qiladi?
Biz odatda salbiy his-tuyg‘ularimizni ifoda etishdan qo‘rqamiz va ko‘z yoshlarimizni ushlab turamiz: qarshimizdagi insonlar oldida o‘zimizni ruhan kuchli ko‘rsatishga urinamiz yoki shunchaki hissiyotlarimiz oshkor bo‘lishidan uyalamiz. Ko‘z yoshlari bizni jamiyatda zaif inson ekanligimizni anglatadi, degan tushuncha insonlar ongida o‘rnashib qolgan.

Tabiatda hech bir narsa besabab yaratilmagan: biz xavfsiz, hissiy jihatdan pozitiv muhitda yig‘lasak, to‘kilgan ko‘z yoshlar organizmga foydali bo‘lishi mumkin. Xursandchilik yig‘isi organizmda endorfinlar ko‘proq ishlab chiqarilishiga va stressni yengillashtirishga sabab bo‘ladi.

Foto: Shutterstock
Nega yig‘laymiz?

Ko‘z yoshlari paydo bo‘lishining aniq va to‘liq ilmiy tasdig‘i hozircha mavjud emas. Nima uchun insonlar kuchli his-tuyg‘ular yoki jismoniy og‘riq tufayli ko‘z yosh to‘kishi ham to‘liq o‘rganilmagan. Chunki evolyutsiya nuqtayi nazardan yig‘i sababini tushuntirish mushkul. Bu insonlarga xos ijtimoiy belgi va atrofdagilar yordam berishi uchun ishora hisoblanadi.

Insonlarda uch xil turdagi ko‘z yoshi ishlab chiqariladi:
  • Bazal ko‘z yoshi sekretsiyasi — doimiy ravishda ko‘z yosh bezlari tomonidan ishlab chiqariladi va ko‘zni namlantirib turishga xizmat qiladi;
  • Reflektor ko‘z yoshi — ko‘zga biror narsa tushganda himoya sifatida ajraladigan ko‘z yoshlar;
  • Hissiy ko‘z yoshlar — turli his-tuyg‘u va og‘riq tufayli yuzaga keladigan ko‘z yoshlar.

Yig‘lashning foydali jihatlari

Foto: The Telegraph
Ko‘z yosh to‘kish evolyutsion jihatdan muhimligi shundaki, inson yig‘isi atrofdagilarda hamdardlik hissini uyg‘otadi va bu orqali ijtimoiy aloqalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Yig‘lash — bolalar va kattalarda birdek yordam so‘rash ishorasi bo‘lib, ko‘z yoshni ko‘rgan va eshitgan insonlar yordamni ta’minlashiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yig‘lash fiziologik jihatdan organizm uchun foydali hisoblanadi. Ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, yig‘i o‘zini o‘zi tinchlantirishning bir shakli bo‘lishi mumkin. Ko‘z yoshlari endorfin va oksitotsinni ishlab chiqarishi tufayli tanadagi og‘riqni yengillashtirishga yordam beradi. 2020 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan kichik tadqiqotga ko‘ra, yig‘lash terapiyasi ko‘krak bezi saratonini boshidan kechirgan ayollarning hissiy va jismoniy ahvolini yaxshilagan.

Shunday qilib, ko‘z yosh to‘kish stressni kamaytirish, mushaklardagi taranglikni yengillashtirish va xotirjamlikka erishish uchun foydalidir. Hissiy ko‘z yoshlar organizmdagi stress gormoni va toksinlarni chiqarib yuboradi, qon bosimini tushiradi va ko‘zlarni namlantiradi. Yig‘layotgan payt atrofdagilardan yupanch va qo‘llab-quvvatlash olgan inson o‘zini xavfsiz his etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Nima uchun olimlar ayollarga vaqti-vaqti bilan yig‘lab turishni tavsiya qiladi?